Sevgi izlab 100 ming dollardan ayrildi: tanishuv ilovalarida yangi firibgarlik
Tanishuv ilovasi orqali boshlangan munosabatda erkak ayolni qariyb 100 ming dollarga tushirdi. Tekshiruvlar firibgarlikka aloqador millionlab akkauntlar tanishuv ilovalarida foydalanuvchilar bilan aloqa oʻrnatganini koʻrsatdi. Endi kompaniyalardan odamlarni onlayn firibgarlardan himoya qilish choralarini kuchaytirish talab qilinmoqda.

Sevgi izlab 100 ming dollardan ayrildi: tanishuv ilovalaridagi yangi firibgarlik
2026-yil oktabrida eʼlon qilingan AQSH Kongressi hisobotida tanishuv ilovalaridagi firibgarlik holatlari koʻrib chiqilgan.
Kongress Match Group va boshqa kompaniyalarni tanishuv ilovalaridagi firibgarlik qurbonlariga koʻproq yordam berishga chaqirdi. Qurbonlardan biri Meri 2024-yilda tanishuv ilovasida bir erkak bilan tanishadi. U yangi munosabatlar qurishni istagan edi. Ammo bu tanishuv uni qariyb 100 ming dollardan ayirgan romantik firibgarlik bilan yakunlandi.
Familiyasi oshkor etilmasligini soʻragan Merining aytishicha, avvaliga ular koʻp suhbatlashgan. Keyin erkak uni tinmay bezovta qilish, bosim oʻtkazish va qayta-qayta pul soʻrashni boshlagan. Voqealar juda tez rivojlangan. Ilovalarda unga oʻxshab aldangan boshqa jabrlanuvchilar ham bor.
Romantik firibgarlik — jinoyatchilar jabrlanuvchilar bilan munosabat oʻrnatib, ulardan pul yoki sovgʻalar olishga urinadigan firibgarlik turidir. Senatorlar bunday jinoyatlar AQShda moliyaviy firibgarlikning keng tarqalgan shakllaridan biriga aylanganini va amerikaliklarga yiliga kamida 1,3 milliard dollar zarar yetkazayotganini bildirgan.
2026-yil 14-oktabr kuni eʼlon qilingan hisobotda Match Group taqdim etgan ichki hujjatlar va maʼlumotlar tahlil qilingan. 2025-yilning ikkinchi yarmiga kelib, tanishuv ilovalari firibgarlar va boshqa qoidabuzarlarni aniqlashda foydalanadigan mashinali oʻrganish modellarining aksariyatini bir necha yil davomida yangilamagan. Natijada platforma shubhali akkauntlarni avvalgidek ishonchli aniqlay olmagan.
Match Group taqdim etgan maʼlumotlar yana bir holatni koʻrsatgan: 2025-yilning uchinchi choragigacha AQShda Tinder va Hinge platformalaridagi firibgarlar yoki boshqa qoidabuzarlarga tegishli qariyb 1,5 million akkaunt kamida bitta foydalanuvchi bilan topishgan, yaʼni munosabat oʻrnatgan. Ushbu akkauntlarning qariyb 500 mingtasi boshqa foydalanuvchi bilan aloqa maʼlumotlarini ham almashgan.
Meri firibgar bilan muloqot qilgan paytida uning haqiqiy shaxs ekanini aniqlashga uringan. Uning aytishicha, erkak doimiy ravishda aloqaga chiqqan va Merining qayerda yashashini ham bilgan. Erkak pul ishi bilan bogʻliq xarajatlar va shoshilinch tibbiy ehtiyojlar uchun kerakligini aytgan.

