Serjio Gor: «Men uchun Buxoro tarixiy maskanlarini ziyorat qilish juda ham qiziq» (foto)
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi muloqotlarning izchil davom etishi ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish

Serjio Gor: «Men uchun Buxoro tarixiy maskanlarini ziyorat qilish juda ham qiziq» (foto)
AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorning qadimiy Buxoroi Sharifga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va madaniy muloqotning muhim ifodasiga aylandi.
— Zamonaviy xalqaro munosabatlarda diplomatiya faqat rasmiy muzokaralar va siyosiy uchrashuvlar bilangina cheklanib qolmaydi. Mamlakatingiz, ayniqsa, Buxoroning jozibasi haqida ko‘p eshitganman. Shu bois, tashrifni tarixiy maskanlar ziyoratidan boshlashni juda istayman. Bu men uchun judayam qiziq,
— dedi Serjio Gor samolyotdan tushar ekan.
Buxoro viloyati hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, elchi Serjio Gorning o‘z xohishiga ko‘ra, safar tarixiy joylarni ko‘rishdan boshlangan. U Ismoil Somoniy maqbarasi, Bolohovuz masjidi, Ark qo‘rg‘oni, Minorai Kalon, Nodir Devonbegi madrasasi va Labi Hovuz majmuasi kabi tarixiy obidalar bilan tanishgan.
— Ushbu me’moriy yodgorliklar xalqingizning ko‘p asrlik bunyodkorlik salohiyati, yuksak didi va boy ma’naviy olamini o‘zida mujassam etgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ilm-fan, savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyat markazi bo‘lgan shahringizning betakror jozibasidan lol qoldim,
— dedi Serjio Gor.
Elchining shahar madaniy merosi bilan tanishuvi O‘zbekistonning tarixiy boyliklarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday tashriflar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda salmoqli o‘rin tutadi.
Aytish joizki, elchining Buxoroga tashrifini faqat tarixiy obidalar bilan tanishuv bilangina cheklanadi, deb baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday safarlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy muloqotni jonlantirish hamda yangi sheriklik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun ham katta ahamiyatga ega.
Elchi bilan muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, axborot texnologiyalari, ta’lim, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi muloqotlarning izchil davom etishi esa ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

