Sergelida o‘quvchilar avval quvurlar ustidan o‘tgan Junariq kanalida yangi ko‘prik qurib bitkazildi
Toshkentning Sergeli tumanida Junariq va Yuqori Darxon mahallalarini bog‘lovchi yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi. Bu yerda avval bolalar kanal ustidan quvurlar orqali o‘tib kelgan. Ko‘prik masalasi bir necha bor ko‘tarilib, prezident ham murojaatga yetarlicha e’tibor berilmaganini tanqid qilgan.

Toshkentning Sergeli tumanida Junariq va Yuqori Darxon mahallalarini bog‘lovchi yangi ko‘prik ishga tushirildi. Ushbu inshoot yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida, ayniqsa maktab o‘quvchilari va aholining kanal orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida ochildi.
Avvalroq bu hududda kanal orqali xavfsiz o‘tish muammosi mavjud edi. Ba’zi aholi vakillari, jumladan, maktab o‘quvchilari yo‘lni qisqartirish uchun kanal ustidan o‘tkazilgan quvurlardan foydalanishga majbur bo‘lishgan.
Yangi ko‘prikning uzunligi 28 metr, kengligi esa 8 metrni tashkil etadi. Mustahkam konstruksiya asosida qurilgan bu inshoot 80 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Loyihaning umumiy qiymati 1,7 milliard so‘mni tashkil etdi.
Ushbu ko‘prik "Yangi Choshtepa" va "Yangi Qo‘shnilar" turar joy majmualari aholisi uchun transport qatnovini yengillashtiradi. Shuningdek, 76-maktab o‘quvchilari, 54-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnovchi bolalar va hudud yoshlari undan xavfsiz foydalanishlari mumkin.
Ko‘prik qurilishiga olib kelgan muammo avval ham bir necha bor ko‘tarilgan edi. 2025-yil noyabr oyida Sergeli tumani hokimligi Yuqori Darxon va Junariq mahallalari tutashgan hududdan oqib o‘tuvchi Junariq kanali ustidagi ko‘prikni qayta qurish uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani va loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanganini ma’lum qilgan. O‘shanda yangi ko‘prik bilan birga piyodalar yo‘laklarini tashkil etish va unga tutash yo‘l qoplamasini ta’mirlash ham rejalashtirilgani aytilgan. 24-noyabrdan esa qurilish ishlari sababli yo‘l qismini ikki oyga yopish rejalashtirilgan edi.
2026-yil yanvarda hokimlik mazkur hududda yangi ko‘prik qurish loyihasi uchun 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilganini bildirgan. Yangi inshoot, piyodalar uchun xavfsiz yo‘lak va yangi asfalt qoplamasi qurilishi rejalashtirilgan edi.
Biroq mart oyiga kelib hududdagi vaziyat yana ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Tarqalgan videolarda bolalar va o‘quvchilar kanal ustidan quvurlar orqali o‘tayotgani aks etgan. Foydalanuvchilar ko‘prik olib tashlangani, yangisi esa hali qurilmaganini tanqid qilgan.
9-mart kuni Toshkent shahar hokimligi hududdagi vaziyatga izoh berib, bu yer avvalroq Zangiota tumanidan Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Hokimlikka ko‘ra, hududda ikkita yirik turar joy majmuasi qurilgan bo‘lib, ularning o‘z maktab va bog‘chalari mavjud. Shunga qaramay, ayrim bolalar va aholi kanalning narigi tomonidagi ta’lim muassasalariga qatnaydi.
Hokimlik avval bu yerda piyodalar ko‘prigi bo‘lganini, ammo u avariya holatida bo‘lgani uchun buzib tashlanganini bildirgan. Rasmiy izohga ko‘ra, ko‘prik faqat piyodalar uchun mo‘ljallanganiga qaramay, undan muntazam ravishda avtomobillar ham harakatlangan va bu uning yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lgan. Hokimlik shu kuni mazkur uchastkada avtotransport va piyodalar uchun mo‘ljallangan yangi ko‘prik qurilishi rejalashtirilganini bildirdi.
Sergeli tuman hokimligi ham yangi ko‘prik qurilishi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining tegishli qarorlari qabul qilinganini bildirgan. Qurilish ishlarini yaqin 5-10 kun ichida boshlash rejalashtirilgani aytilgan.
13-mart kuni prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ushbu holat tilga olindi. Yanvar oyida fuqaro Sergelida oqib o‘tadigan Junariq kanaliga maktab o‘quvchisi tushib ketgani haqida xabar berib, buzilgan ko‘prikni qayta tiklashni so‘ragan. Bu murojaatga ikki oy davomida mas’ullar tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmagani va murojaatga yuzaki javob berilgani tanqid qilingan.
24-iyun kuni hokimlik hududda Junariq va Salara kanallari ustidan ikkita ko‘prik qurilayotganini ma’lum qildi. Ularning birida asosiy ishlar yakunlangan, ikkinchisida esa qurilish davom etayotgani aytildi. 20-avgust kuni esa Junariq mahallasidagi kanal ustidan qurilayotgan ko‘prikdagi ishlar tuman hokimi nazoratida ekani, qurilishni sifatli yakunlash va obyektni belgilangan muddatda aholiga topshirish bo‘yicha topshiriq berilgani bildirildi.

