Serbiya oktyabrda yangi parlamentni saylaydi
Serbiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari 2026-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Prezident Aleksandr Vuchichning ma’lum qilishicha, ovoz berish 18 yoki 25 oktyabrga belgilanadi va aniq sana yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Saylovlar avval rejalashtirilgan muddatdan bir yildan ko‘proq erta o‘tkazilmoqda.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning ma’lum qilishicha, mamlakatda navbatdan tashqari parlament saylovlari joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi. U bu haqda 20-avgust kuni RTS telekanali orqali xabar berdi.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish 18 yoki 25 oktyabr kunlaridan birida o‘tkaziladi. Saylovlarning aniq sanasi yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda. Shu tariqa, parlament saylovlari dastlab belgilangan muddatdan bir yildan ko‘proq vaqt oldin o‘tkaziladi.
Iyun oyi oxirida Vuchich yaqin kelajakda prezidentlik lavozimini muddatidan oldin tark etish niyati borligini ham aytgan edi. U Serbiyada 12 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lib, prezidentlik vakolatining ikkinchi muddati 2027-yil o‘rtalaridagina yakunlanadi. Serbiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, bir shaxs mamlakat prezidenti lavozimini ikki muddatdan ortiq egallashi mumkin emas.
Serbiyada bir yarim yildan ortiq vaqtdan beri hukumat va korrupsiyaga qarshi ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Norozilik aksiyalariga Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzali ayvonining qulab tushishi sabab bo‘lgan, bu fojia oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, talabalar boshchiligidagi namoyishlarga muntazam ravishda o‘n minglab, ayrim hollarda esa yuz minglab odamlar chiqmoqda. Namoyishchilar Vuchich va uning atrofidagilarni keng tarqalgan korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik bilan aloqalar, siyosiy raqiblarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish hamda so‘z erkinligini cheklashda ayblamoqda. Serbiya hukumati va Vuchich esa bunday ayblovlarni rad etib keladi.
Namoyishchilarning asosiy talablaridan biri aynan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish edi. Jamoatchilik fikri so‘rovlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiya aholisining qariyb 80 foizi talabalarning korrupsiyaga qarshi talablarini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘ralganlarning taxminan 64 foizi esa namoyishlarning o‘zini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

