Sentyabrda ham oltin sotilmadi: Oʻzbekiston zaxirasi toʻqqiz oyda 55 tonnaga “boyidi”
Bu yil hisobidan aprel va iyul oylaridagina qimmatbaho metall eksport qilindi. Sotuv qisqarishi fonida zaxiradagi oltinlar sezilarli koʻpaygan.

Sentyabr oyida ham oltin sotilmadi: Oʻzbekiston zaxirasi toʻqqiz oyda 55 tonnaga “koʻpaydi”
Oʻzbekiston 2026-yil sentyabrida ham oltin eksport qilmadi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy bank yil boshidan buyon faqat aprel oyida 1,5 mlrd dollarlik va iyul oyida 1,3 mlrd dollarlik qimmatbaho metall sotgan. Qolgan oylarda zavodlardan xarid qilingan oltinlar zaxiraga qo‘shib borilgan.
Avvalgi yillarda qimmatbaho metall savdosi mamlakat umumiy eksportining kamida uchdan bir qismini tashkil etib kelgan. Masalan, 2025-yilning to‘qqiz oyida 9,8 mlrd dollarlik oltin sotilgan va bu umumiy eksport tushumlarining 35,9 foiziga teng bo‘lgan. Joriy yilning shu davrida esa oltinning ulushi jami eksportda 10,8 foizni tashkil etdi.
So‘nggi paytlarda mamlakat oltin eksportini kamaytirayotgani fonida zaxiralar hajmi sezilarli darajada oshmoqda. 2026-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxirasida 14,3 million unsiya, ya’ni 446,9 tonna oltin mavjud. Yanvar boshida bu ko‘rsatkich 12,6 million unsiya yoki 391,9 tonna edi. To‘qqiz oy ichida zaxiradagi qimmatbaho metall hajmi qariyb 55 tonnaga oshgan.
Avvalroq jahon markaziy banklari 2026-yil boshidan beri 130 tonna atrofida oltin xarid qilgani ma’lum bo‘lgandi. Shundan Oʻzbekistonning xaridlari 40 tonnani tashkil etib, dunyoda uchinchi o‘rinni egallagan.
Mamlakatda oltin qazib oluvchi ikki yirik korxona — Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari faoliyat yuritadi. Markaziy bank ulardan qimmatbaho metallni sotib oladigan yagona xaridor hisoblanadi va xarid qilingan oltinlarni kerak bo‘lganda sotish huquqiga ega. 2026-yil I yarmida Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltin sotuvidan 2,38 mlrd dollar sof foyda olganini bildirgan.

