Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytirishni maʼqulladi
Oʻzbekiston senatorlari Markaziy bankning mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni maʼqulladilar. Uning normativ-huquqiy hujjatlarining bir qismi 10 ish kuni ichida soddalashtirilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi, loyihalarni Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman bilan majburiy kelishish esa bekor qilinadi.

Senat Markaziy bankning mustaqilligini kengaytirishni maʼqulladi
2 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdagi mustaqilligini kengaytiruvchi va regulyator faoliyatini tekshirish tartibiga aniqlik kirituvchi qonunni qoʻllab-quvvatladi.
Hujjat boʻyicha maʼruzani Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyev taqdim etdi. U oʻzgartirishlar pul-kredit siyosatini, bank nazoratini va toʻlov tizimlarini tartibga solishni yanada samarali amalga oshirish, shuningdek, moliya bozoridagi favqulodda vaziyatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish maqsadida tayyorlanganini taʼkidladi.
Oʻzgartirishlar «Markaziy bank toʻgʻrisida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida»gi, «Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida»gi va «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi qonunlarga kiritilmoqda.
«Markaziy bank toʻgʻrisida»gi qonunda regulyator oʻz vakolatlari doirasida qarorlarni davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlaridan mustaqil ravishda qabul qilishi hamda Senatga hisobdor ekanligi mustahkamlanmoqda.
Shu munosabat bilan Markaziy bankning oʻzi, uning hududiy bosh boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarini tekshirish tartibiga ham aniqlik kiritilmoqda. Bunday tekshirishlar Senat qarori asosida yoki qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi oʻzgarmoqda. Roʻyxatdan oʻtkazishda ularning faqat Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi tekshiriladi.
Ayrim normativ hujjatlar uchun soddalashtirilgan roʻyxatdan oʻtkazish tartibi joriy etilmoqda — Markaziy bank yuridik xizmatining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda 10 ish kuni ichida.
Xususan, gap kredit tashkilotlari uchun prudentsial normativlarni, banklarning korporativ boshqaruvi va ichki auditiga, banklar va bank guruhlarining tavakkalchiliklarini boshqarishga qoʻyiladigan talablarni belgilovchi, shuningdek, aholining qarz yukini tartibga soluvchi hujjatlar haqida bormoqda.
Soddalashtirilgan tartib pul-kredit siyosati, tizimli moliyaviy inqirozning oldini olish va uning oqibatlarini yumshatish, shuningdek, toʻlovlar va toʻlov tizimlarini tartibga solish sohasidagi hujjatlar uchun ham amal qiladi.
Qonun, shuningdek, Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini Savdo-sanoat palatasi bilan majburiy kelishishni bekor qiladi.
Senatdagi muhokamalar davomida bunday loyihalarni biznes-ombudsman bilan majburiy kelishishdan voz kechish haqida ham soʻz yuritildi.
Senatorlardan biri Markaziy bank vakilidan bu tadbirkorlar manfaatlari himoyasini zaiflashtirmaydimi, deb soʻradi.
Sanjar Nosirov.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Sanjar Nosirov banklar va moliyaviy tashkilotlarning oʻzlari tadbirkorlik subʼyektlari hisoblanishini, lekin shu bilan birga davlat, aholi va biznes oʻrtasida moliyaviy resurslarni qayta taqsimlashda alohida rol oʻynashini, shu bois ularni tartibga solish alohida yondashuvni talab qilishini taʼkidladi.
«Ushbu kelishishning bekor qilinishi tadbirkorlik faoliyatiga aralashishga olib kelmaydi va tadbirkorlar manfaatlari himoyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi», — dedi u.
Nosirovning soʻzlariga koʻra, Markaziy bankning bunday qarorlarni qabul qilishdagi mustaqilligi qonunchilikda allaqachon nazarda tutilgan, yangi normalar esa ushbu tamoyilni qoʻshimcha ravishda mustahkamlashi va huquqiy noaniqlikni bartaraf etishi kerak.
Qonun, shuningdek, Markaziy bankning ayrim normativ hujjatlari uchun uch oylik kechiktirish toʻgʻrisidagi umumiy qoidadan istisnoni nazarda tutadi.
Hozirda tadbirkorlik faoliyatini yuritish tartibini qiyinlashtiradigan, tadbirkorlar uchun yangi majburiyatlar yoki yangi javobgarlik choralarini joriy etadigan qonunchilik hujjatlari rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kamida uch oy oʻtgach kuchga kirishi kerak.
Markaziy bankning davlat roʻyxatidan soddalashtirilgan tartibda oʻtadigan normativ hujjatlari uchun ushbu talab qoʻllanilmaydi.
Shu tariqa, regulyatorning bank nazorati, moliyaviy barqarorlik, aholining qarz yuki va toʻlov tizimlari sohasidagi ayrim qarorlari majburiy uch oylik kechiktirishsiz joriy etilishi mumkin boʻladi.
Qonun Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP, «Gazeta.uz» bu haqda batafsil yozgan edi) yakunlari boʻyicha olingan tavsiyalari hisobga olingan holda tayyorlangan.
Senatorning ushbu tavsiyalarning ahamiyati haqidagi savoliga javob berar ekan, Sanjar Nosirov baholash 2024 yil oxiri — 2025 yilda oʻtkazilganini va bu Oʻzbekiston tarixidagi birinchi shunday kompleks baholash boʻlganini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, xalqaro tashkilotlar amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini hamda ularning xalqaro norma va tavsiyalarga muvofiqligini tahlil qilgan. Yakunlar boʻyicha Oʻzbekiston tegishli hisobot va tavsiyalarni olgan.
Nosirov, shuningdek, ushbu tavsiyalarning bajarilishini bank sektorining investitsiyaviy jozibadorligi bilan bogʻladi. U xorijiy investorlar bozorni baholashda FSAP natijalariga va moliyaviy tizimning xalqaro standartlarga muvofiqligiga eʼtibor qaratishini taʼkidladi.
«Xalqaro darajada faoliyat yuritadigan bunday investorlar uchun FSAP baholash natijalari va tizimimizning xalqaro normalarga qanchalik muvofiqligi juda muhim».
MB raisi oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, Markaziy bank faoliyatini tekshirishni tartibga solish va uning normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish tartibini soddalashtirish bevosita FSAP tavsiyalaridan kelib chiqadi va bank nazorati samaradorligini oshirishi lozim.

