Senat Bosh vazirdan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar reyestrining ishi toʻgʻrisida hisobot soʻradi

Senat Bosh vazirdan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar reyestrining ishlashi toʻgʻrisida hisobot soʻradi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova Bosh vazir Abdulla Aripovga sogʻliqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning maxsus reyestridan foydalanish samaradorligi yuzasidan parlament soʻrovi yubordi.
Senator oʻz murojaatida voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi davlat va xususiy tashkilotlar xodimlarni ishga qabul qilishda ushbu maʼlumotlar bazasidan qanchalik faol maʼlumot soʻrayotgani va bunday tekshiruvlar natijalari qanday boʻlayotganiga oydinlik kiritishni soʻragan.
Bundan tashqari, soʻrovda reyestrga kiritilgan fuqarolarning ayni paytdagi bandligi, shuningdek, nazoratni amalga oshirishda tizimli uzilishlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masalalar ham koʻtarilgan.
Parlament soʻrovi yuborish zarurati ish beruvchilar nomzodlarni tekshirish va qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga rioya qilishda duch kelayotgan amaliy qiyinchiliklar bilan izohlanadi. Bunday sudlanganlik oʻtmishiga ega shaxslarning taʼlim, tarbiya, sogʻlomlashtirish va sport muassasalarida lavozimlarni egallashini taqiqlash 2023 yil 11 aprelda qonunchilikda mustahkamlab qoʻyilgan edi.
Ushbu mexanizmni yanada takomillashtirish Prezidentning 2026 yil 3 martdagi farmoni doirasidagi «Yoʻl xaritasi»da nazarda tutilgan boʻlib, u bolalar tashkilotlarining reyestr maʼlumotlaridan toʻsiqsiz foydalanishini taʼminlash va bolalar huquqlari himoyasini tizimli kuchaytirishga qaratilgan.

