Senat 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maʼqulladi
Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Senat 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi
Oliy Majlis Senatida 2-oktabr kuni o‘tkazilgan yalpi majlisda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
«Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda», – deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Senatorlar mazkur qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Endi hujjat kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlari o‘tib ketgani qo‘llanmaydi.
Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.
Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan boshlab davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib bo‘yicha o‘tkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni esa faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilanmoqda.

