Savdo markazida jamoat supermarketi ochildi
Xaridorlar yangi ijtimoiy supermarketda hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlarining keng tanlovidan foydalanishlari mumkin.

**Savdo markazida jamoat supermarketi ochildi**
Chatemdagi SEK Community Food Shop vakili Jina Inglishning aytishicha, doʻkon hamma uchun ochiq
Kentdagi savdo markazida odamlarga arzon va sogʻlom oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi yangi jamoat supermarketi ochildi.
SEK Community Food Shop tomonidan boshqariladigan ushbu doʻkon Chatemdagi The Pentagon Centre savdo markazining birinchi qavatida oʻz eshiklarini aholi uchun ochdi.
SEK vakili Jina Inglishning taʼkidlashicha, doʻkon hamma uchun ochiq, chunki "oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelgan odamlarni qoʻllab-quvvatlashdan tashqari, aholi bizdan har tomonlama yordam, jumladan, ishga joylashish, rezyume tayyorlash va suhbatdan oʻtish koʻnikmalari boʻyicha koʻmak olishlari mumkin boʻladi. Biz, shuningdek, odamlarga byudjetni rejalashtirish va pulni boshqarishda yordam beramiz hamda boshqa mahalliy xizmatlarga yoʻnaltiramiz".
Supermarket dastlab Medvey kengashi (Medway Council) tomonidan Inqiroz va barqarorlik jamgʻarmasi orqali moliyalashtirilgan.
Xaridorlar oldindan buyurtma bermasdan ijtimoiy supermarketga shunchaki kirib, arzon narxdagi turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, 1 funt sterlinglik meva va sabzavotlar toʻplamini sotib olishlari mumkin.
Narxlar past saqlanishiga sabab — doʻkon chiqindilarni kamaytirish va ayni paytda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlarini qayta taqsimlaydi.
SEK Kentda allaqachon shunga oʻxshash ikkita doʻkonni boshqarmoqda.
Inglish shunday dedi: "Ramsgeytdagi doʻkonimiz uch yildan beri, Eshforddagisi esa bir yildan sal koʻproq vaqtdan beri ishlamoqda. Oʻtgan yilning oʻzida ushbu ikki doʻkonda 55 500 ta xarid amalga oshirildi va biz 170 tonna mutlaqo yaroqli oziq-ovqat mahsulotlarini isrof boʻlishdan saqlab qoldik, demak, bu tizim haqiqatan ham ishlaydi".
Chatemlik Rod Taffs va Shirli Greyvs yangi ochilgan jamoat supermarketining ilk xaridorlari qatorida boʻlishdi
Doʻkonni birinchilardan boʻlib sinab koʻrganlar orasida Shirli Greyvs va uning sherigi Rod Taffs bor boʻlib, ular allaqachon savatlarini arzon mahsulotlar bilan toʻldirishgan.
"Odamlar bu yerga kelib, nimalar borligini koʻrishni xohlashadi, bu ajoyib", deydi Greyvs.
"Men 1,50 funtga 20 ta samosa solingan quti va 6 funtga katta tovuq goʻshti solingan paket oldim. Hozirgi vaqtda, pensioner boʻlganimiz sababli, sharoit biroz qiyinroq, bu yer esa arzon va tovuq goʻshti juda sifatli".
"Bu bizga uch-toʻrt mahal ovqatga yetadi", deya qoʻshimcha qiladi Taffs.
Medvey kengashi rahbari Vins Meypl shunday dedi: "Menimcha, Kent va Medveydagi aksariyat odamlar oziq-ovqatning isrof boʻlishini xohlamaydi, shuning uchun hamyonbop narxda sifatli oziq-ovqatga ega boʻlish imkoniyati nafaqat kam taʼminlangan oilalar va shaxslarga, balki barcha oilalarga yordam beradi va bu yaxshi ishdir".
Doʻkonning orqa tomonida maxfiy, tovush oʻtkazmaydigan ofis kabinasi ham mavjud boʻlib, u yerda xaridorlar shaxsiy maslahat va yoʻl-yoʻriqlar olishlari mumkin.
Chatemdagi The Pentagon Centre savdo markazida joylashgan SEK Community Food Shop doʻkoni dushanbadan shanbagacha soat 10:00 dan 18:00 gacha ochiq.

