Dunyo

Saudiyadagi elchixona oʻzbekistonliklarni ehtimoliy reys oʻzgarishlaridan ogohlantirdi

Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ushbu mamlakatda boʻlib turgan yoki u yerga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qildi. Diplomatik vakolatxona mintaqadagi keskinlik sabab aviareyslar jadvali, parvoz yoʻnalishlari va tranzit qoidalari oʻzgarishi mumkinligini eslatdi.

Saudiyadagi elchixona oʻzbekistonliklarni ehtimoliy reys oʻzgarishlari haqida ogohlantirdi

«Dunyo» axborot agentligi tarqatgan murojaatda Saudiya Arabistonida ichki vaziyat barqaror ekani taʼkidlangan. Unda mamlakatda jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralariga oid holatlar qayd etilmagani bildirilgan.

Shunga qaramay, mintaqadagi umumiy vaziyat havo qatnovlariga taʼsir qilishi mumkinligi aytilgan. Jumladan, parvozlarning kechikishi, yoʻlovchilarning boshqa reysga oʻtkazilishi yoki parvoz yoʻnalishining oʻzgarishi ehtimoli bor. Tranzit yoʻnalishlari va kutish vaqtlaridagi oʻzgarishlar ham safar davomiyligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shu sabab elchixona fuqarolardan safarni rejalashtirishda ushbu holatlarni inobatga olishni soʻragan.

Vatandoshlarga Saudiya Arabistoni va Yaman oʻrtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik, shuningdek, xavfsizlik borasida mahalliy hokimiyat organlari koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, harbiy obyektlar va turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik, tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik, rasmiy axborot manbalaridan foydalanish hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo oʻzi bilan olib yurish soʻralgan.

Zarurat tugʻilganda fuqarolar quyidagi raqamlar orqali Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishi mumkin:

Ar-Riyoddagi Oʻzbekiston elchixonasi:

• Telefon: +966 11 263 52 23.

• Konsul Shuhrat Ibragimov: +966 56 721 77 31 - Telegram va WhatsApp.

Jiddadagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi:

• Telefon: +966 12 607 72 50.

• Konsul Azimjon Qobiljonov: +966 59 439 08 50 - Telegram va WhatsApp.

Elchixona barcha vatandoshlarni ehtiyotkor boʻlishga va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.