Saudiya shahzodasi FIFA prezidenti bilan ko‘rishishdan bosh tortdi (video)

Saudiya shahzodasi FIFA prezidenti bilan ko‘rishishdan bosh tortdi (video)
Parijda o‘tkazilgan kibersport bo‘yicha Jahon chempionatining yopilish marosimida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon FIFA prezidenti Janni Infantino bilan salomlashishni istamadi.
SaudiNews nashri tomonidan e’lon qilingan videolavhada qiziq bir holat aks etgan. Parijdagi “Gran-Pale” majmuasida Muhammad bin Salmon Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga ketayotgan vaqtda, yo‘lida Janni Infantino ham uchraydi. Makron FIFA rahbariga yaqinlashib, u bilan qo‘l berib ko‘rishadi. Biroq shahzoda Infantino bilan ko‘rishishni lozim topmay, uni aylanib o‘tadi va to‘g‘ri portugaliyalik yulduz Krishtianu Ronaldu tomon yuradi.
Bu sovuq munosabatning o‘ziga xos sabablari bor. Avvalroq FIFA o‘zining “FIFA Forward Enterprise (FFE)” nomli sho‘ba korxonasini tashkil etib, uning 25 foiz ulushini 4,2 milliard dollarga tashqi investorlarga sotishni rejalashtirgan edi. Bunga javoban UEFA va unga a’zo barcha 55 ta milliy federatsiya FIFA bayrog‘i ostidagi musobaqalarni boykot qilish bilan tahdid qildi.
Qolaversa, UEFA, KONKAKAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) qo‘shma bayonot bilan chiqib, Infantinoning harakatlari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. Konfederatsiyalar FIFA rahbarining ushbu rejasini tashkilot institutlariga nisbatan “ishonchni butunlay poymol qilish” deb baholashgan. Garchi OFK bu masalada qolganlar bilan birdam ekanini bildirgan bo‘lsa-da, tashkilotning ayrim a’zolari (xususan, Indoneziya, Filippin va Qatar) Infantinoni qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi.
E’tiborli jihati shundaki, OFK a’zosi bo‘lgan Saudiya Arabistoni 2034-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilishi kutilmoqda. Bu mundial Osiyo qit’asidagi uchinchi (2002 va 2022-yillardan so‘ng), Fors ko‘rfazi mamlakatlarida esa ikkinchi Jahon chempionati bo‘ladi. Shunday yirik musobaqa arafasida mamlakat rahbariyati va FIFA prezidenti o‘rtasidagi sovuq munosabatlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Ma’lumot o‘rnida, Janni Infantino 2016-yildan buyon FIFAga rahbarlik qilib kelmoqda va kelasi yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda yana o‘z nomzodini ilgari surish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

