Saudiya bosh muftiysi husiylarga qarshi kurashda qurbonlikka shay turishga chaqirdi

**Saudiya bosh muftiysi husiylarga qarshi kurashda qurbon bo‘lishga tayyor turishga chaqirdi**
Saudiya Arabistonining oliy diniy idorasi mamlakat harbiylarini husiylarga qarshi kurashda jonini fido qilishga tayyor bo‘lishga chaqirdi.
Saudiya bosh muftiysi Shayx Solih bin Favzon al-Favzonning murojaati mamlakat chegaralarida xizmat qilayotgan harbiylarga qaratilgan. Unda Qur’on oyatlari hamda Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning Alloh yo‘lida kurashish va jon fido qilish haqidagi so‘zlari keltirilgan.
Bu murojaat Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasida bir necha haftadan beri davom etayotgan to‘qnashuvlar fonida e’lon qilindi. Kuzatuvchilar Saudiya Yaman hukumati bilan birgalikda keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlashi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.
“Ushbu buyuk millatni himoya qilish... va hududining hatto bir qarichiga ham qo‘l uzatmoqchi bo‘lgan har qanday kimsani jazolash eng buyuk burchlar va eng ezgu sadoqat amallaridan bo‘lib, buning uchun Allohning roziligi yo‘lida jon fido qilinishi mumkin”, deyiladi 25-sentyabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda.
Yaman hukumati ikki hafta oldin Bob al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan nazoratni husiylarga boy berdi.
“Biz Qodir Alloh taolodan sizga madad berishni, mamlakatlarimiz va jonajon Yamanimizni har qanday balo-qazolardan asrashini so‘raymiz. Shuningdek, undan husiylar, ularga yordam beruvchi va qo‘llab-quvvatlovchilarni to‘liq mag‘lubiyatga uchratishni so‘raymiz”, deyiladi bayonotda.
Saudiya Arabistoni 15-sentyabr kuni Makka shahri tomon uchirilgan husiylar dronini urib tushirdi. Dron muqaddas shahar ustidagi taqiqlangan havo hududiga kirishidan oldin yo‘q qilingan. Yaman husiylari bu ma’lumotni rad etgan.
“Siz, frontda xizmat qilayotgan birodarlar, o‘z burchingizni bajarishga doimo shay turishingiz, hukmdorlarga va dala qo‘mondonlarga bo‘ysunishingiz, buyruqlarni o‘ta aniqlik bilan bajarishingiz shart”, deyiladi bayonotda.
Saudiya Arabistoni iyul oyida Eron samolyotining Sana aeroportiga qo‘nishiga to‘sqinlik qilganidan so‘ng tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaydi. Samolyotda Eronning sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimidan qaytayotgan yuqori martabali husiy amaldorlar bo‘lgan.
Shundan keyin husiylar Qizil dengizda Saudiya tankerlariga hujum qilib, qirollikning neft eksporti yo‘nalishiga tahdid soldi. So‘nggi haftalarda ular port shahri va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinidagi orollarni egallab oldi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Xitoydan husiylarga ta’sir o‘tkazishda yordam so‘ragan. Pekin esa ularni tiyib turish uchun Eronga bosim o‘tkazgan. Eron mintaqadagi barqarorlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi to‘xtatilishiga bog‘liqligini bildirgan.
Makka shartnomasi a’zosi Pokiston majburiyatlarini bajarishga tayyorligini, Turkiya esa Saudiya Arabistoni so‘rasa, harbiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan. Manbalarga ko‘ra, 17-sentyabr kuni valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon AQSH prezidentidan yordam so‘ragan. Tramp Pentagonga havo hujumlariga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan, biroq keyin qarorini bekor qilgan. Shundan so‘ng husiylar Qizil dengizda AQSH kemalarini nishonga olmasligini bildirgan.

