Saudiya Arabistoni futuristik avtomobillarga ega yangi brendni taqdim etdi
Baʼzilar uchun kutilmagan holat boʻlishi mumkin, ammo Saudiya Arabistonining ilgari hech qachon oʻz avtomobil ishlab chiqaruvchisi boʻlmagan. Endi vaziyat oʻzgardi: qirollikning Suveren jamgʻarmasi va Tayvanning Foxconn kompaniyasi elektromobillar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi Ceer brendini taqdim etdi.

Saudiya Arabistoni futuristik avtomobillarga ega yangi brendni taqdim etdi
Yangi kompaniya allaqachon dastlabki ikkita modelini namoyish qildi.
Bular premium sinfdagi Exobot sedani va yoʻltanlamasidir. Ular tepaga ochiladigan «chayka qanoti» uslubidagi eshiklar bilan jihozlangan bo‘lib, tashqi ko‘rinishi «Tron» filmidagi avtomobillarni yodga soladi. Bosh direktor Jim DeLuka aytishicha, old va orqa qatorlar orasidagi odatiy ustunlar olib tashlangan: kuzovning mustahkamligini yuqori chidamli materiallar ta’minlaydi, shu sababli orqa oʻrindiqlarga kirish ancha yengillashgan.
Salon ichida old panelning butun kengligini egallagan 48 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Tizim grafikasi Ar-Riyozning futuristik manzarasidan ilhomlangan. Orqa yo‘lovchilar uchun alohida 8 dyuymli ekran ham bor. Apple CarPlay va Android Auto tizimlarini qo‘llab-quvvatlash va’da qilinmoqda.
Dastlabki versiyalar 112 kVt·soat sig‘imli batareya bilan taqdim etiladi. E’lon qilingan yurish masofasi yoʻltanlamas uchun 500 kilometrdan ortiqni, sedan uchun esa kamida 600 kilometrni tashkil etadi. 100 km/soat tezlikka chiqish 2,4 sekundgacha vaqt oladi. Tezkor quvvatlash taxminan yarim soatda batareyani 80 foizgacha to‘ldiradi.
Dastlabki ikki modelning sotuvi 2027-yilga rejalashtirilgan, narxlar esa hozircha oshkor etilmagan. Avvaliga avtomobillar faqat Saudiya Arabistonida sotuvga chiqadi, keyin geografiyani kengaytirish ko‘zda tutilgan. 2030-yilgacha Ceer yana beshta avtomobilni, jumladan gibridlarni ham taqdim etishni rejalashtirmoqda.

