Dunyo

Saudi Aramco binosiga ballistik raketa tushdi, AQSH elchisi korrupsion mojaro markazida – kun dayjesti

Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Saudi Aramco binosiga ballistik raketa kelib tushdi, AQSH elchisi korrupsiya mojarosi markazida — kun dayjesti

Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi 14-oktabr kuni maʼlum qilishicha, Saudi Aramco neft kompaniyasining Saudiya sharqidagi Zahron shahrida joylashgan maʼmuriy binosi hujumga uchragan.

Vazirlik bayonotiga koʻra, voqea 13-oktabr kuni kechqurun yuz bergan, hujum natijasida cheklangan miqyosda yongʻin chiqqan, halok boʻlganlar ham, jarohatlanganlar ham yoʻq. Reuters kompaniyadagi manbasiga tayanib yozishicha, Zahrondagi Aramco bosh qarorgohi majmuasiga ballistik raketa tushgan. Binoning yuqori uch qavati zarar koʻrgan.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Zahronda urib tushirilgan raketa bo‘laklari turar joy hududiga tushganini bildirdi. Ar-Riyodda ham husiylarning ikkita raketasi urib tushirilgach, ularning parchalari tushishi oqibatida toʻrt kishi jarohatlangan.

Husiylar bir haftadan beri Saudiya Arabistonining muhim obyektlariga ballistik raketa va dronlar uchirmoqda. Husiylar koalitsiyaning Sanoga bergan zarbalariga «qattiq va alamli» javob qaytarish bilan tahdid qilgandi.

Saudiya kuchlari esa Sano chekkasidagi yoqilgʻi ombori va boshqa obyektlarga “husiylarning tahdid solish imkoniyatlarini zararsizlantirish” maqsadida zarba berganini maʼlum qilgan.

Fevral oyida Eron Hoʻrmuz boʻgʻozini yopganidan keyin Bob al-Mandab Saudiya Arabistoni uchun yanada muhim yoʻlga aylangan. Yamandagi mojaro 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga hujumi bilan boshlangan kengroq urushning davomi sifatida qayta avj olgan. Saudiya Arabistoni xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumatini qoʻllab-quvvatlab, oʻtgan oy husiylarga qarshi harbiy kampaniyasini qayta boshlagandi.

AQSHning Gretsiyadagi elchisi Kimberli Gilfoyl atrofidagi mojaro uning lavozimdan ketishi bilan yakunlanmoqda. Oq uy 13-oktabr kuni Gilfoyldan isteʼfoga chiqishni soʻraganini bildirdi. Bunga elchi pul, sovgʻa va turli xizmatlar evaziga Tramp maʼmuriyati rasmiylari bilan uchrashish imkoniyatini sotgani haqidagi bir qator xabarlar sabab boʻlgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp bir kun avval Gilfoylni ishdan boʻshatishni koʻrib chiqayotganini aytgan edi. “U yaxshi ishlayotgan edi, lekin biz oʻqigan narsalar bizga yoqmadi”, dedi Tramp jurnalistlarga. Oq uyning yangi matbuot kotibi Keyti Zakariya ham Gilfoyldan isteʼfo soʻralganini tasdiqladi.

Gilfoylning oʻzi esa ayblovlarni yana rad etdi: “Bu ayblovlar yolgʻon, men nomim, obroʻyim va halolligimni qatʼiy himoya qilmoqchiman”, deb yozdi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.