Sarmoya bozorida jiddiy oʻzgarishlar kutilmoqda
Iqtisodiyotning barqaror va jadal oʻsishini taʼminlash uchun faqatgina qisqa muddatli emas, balki uzoq muddatli moliyaviy resurslar ham oʻta zarur. Bunday yirik va strategik mablagʻlarni jalb etishda esa kapital bozori vositalari beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Sarmoya bozorida katta oʻzgarishlar yuz berishi kutilmoqda. Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi tomonidan “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayoni yakunlanmoqda.
Mazkur qonun loyihasi milliy kapital bozorini rivojlantirishning huquqiy asoslarini tubdan yangilashga qaratilgan. Unda kapital bozorida moliyaviy instrumentlar turlarini sezilarli darajada kengaytirish, investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish hamda bozor ishtirokchilari uchun yanada qulay va jozibador sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Xususan, zamonaviy moliyaviy instrumentlarni amaliyotga tatbiq etish, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, kapital bozori infratuzilmasini takomillashtirish hamda professional ishtirokchilar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha aniq va mustahkam huquqiy normalar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, milliy kapital bozorini xalqaro amaliyot va ilgʻor standartlarga moslashtirish, uning shaffofligi hamda faoliyat samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qonun loyihasi tartibga solish doirasi jihatidan ham juda keng qamrovli. Loyiha kapital bozoridagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solish, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish va bozor infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan normalarni oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka mosligini taʼminlash va mavjud qonunchilikdagi ayrim normalarni takomillashtirish zarurati ham ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi muhokamalarida deputatlar, mutasaddi idoralar vazirlik va idoralari, mutaxassis-ekspertlar, tadbirkorlar hamda bevosita kapital bozori ishtirokchilarining takliflari asosida uning normalari yanada takomillashtirilmoqda. Shuningdek, ularni amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq iqtisodiy va huquqiy oqibatlar atroflicha tahlil qilinmoqda.
Shu bois loyihadagi har bir normaning mazmun-mohiyati, huquqiy ahamiyati va amaldagi qonunchilik bilan uygʻunlik darajasi birma-bir koʻrib chiqilmoqda. Xususan, yangi moliyaviy instrumentlarning huquqiy atamalaridan tortib, kapital bozori ishtirokchilarining vakolat va majburiyatlari, mahalliy va chet ellik investorlar huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish boʻyicha rivojlangan mamlakatlarning boy tajribasi atroflicha oʻrganilmoqda.

