Sarflash yoki jamg‘arish: moliyaviy savodxonlikni nima uchun bolalikdan o‘rgatish kerak?
InfinBANK va Yangi Asr Avlodi 'Pul. Bolalar uchun moliyaviy bilimlar' kitobini nashr etdi. Kitob bolalarni moliyaviy bilimlar va moliyaviy savodxonlik asoslari bilan tanishtiradi. Taqdimot 19-avgust kuni 'Teatr+'da moliyaviy kvest va teatr tomoshasi bilan bo‘lib o‘tdi.

Sarflash yoki jamg‘arish: moliyaviy savodxonlikni bolalikdan o‘rgatishning ahamiyati
InfinBANK "Yangi Asr Avlodi" nashriyoti bilan hamkorlikda bolalarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy loyihani amalga oshirdi. Ushbu loyiha doirasida yosh kitobxonlarni pul bilan muomala qilish asoslari bilan tanishtiruvchi hamda ularda bolalikdan foydali moliyaviy odatlarni shakllantirishga yordam beruvchi "Pul. Bolalar uchun moliyaviy bilimlar" nomli maxsus kitob yaratildi.
Kitobning taqdimoti 19-avgust kuni soat 18:30 da "Teatr+" maskanida bo‘lib o‘tdi. Bu shunchaki adabiy tadbir bo‘lmay, ta’lim, ijod va ko‘ngilochar dasturlarni o‘zida jamlagan haqiqiy oilaviy bayramga aylandi.
InfinBANK boshqaruv raisi o‘rinbosari Po‘lat Salimovning ta’kidlashicha:
"Moliyaviy savodxonlik bola birinchi bank kartasini qo‘lga olishidan yoki pulni mustaqil boshqarishni boshlashidan ancha avval shakllanishni boshlaydi. Aynan bolalikda insonning keyingi moliyaviy munosabatlarini belgilab beruvchi odatlar paydo bo‘ladi. Shu bois, bizning vazifamiz — bolalar bilan pul haqida oddiy, tushunarli va qiziqarli tilda suhbatlashish. Aynan shu maqsadda biz kitob nashrini qo‘llab-quvvatlashga va shu tariqa farzandlarimiz ta’limiga o‘z hissamizni qo‘shishga qaror qildik. Kitoblarning bir qismi bolalar kutubxonalari va maktablarga tarqatiladi. Shuningdek, kitoblarni "Asr avlodi" nashriyoti do‘konlaridan xarid qilish mumkin."
InfinBANK Marketing va mijozlar tajribasi departamenti direktori Elvira Gimadiyeva loyiha g‘oyasining kelib chiqishi haqida shunday dedi:
"Ushbu loyiha g‘oyasi o‘tgan yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy savodxonlik va ma’rifat masalalariga bag‘ishlangan "Bank va ma’rifat 365" forumi o‘tkazilganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Forum doirasida yetakchi nashriyotlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, aynan o‘sha paytda biz moliya haqidagi suhbatni bolalar uchun tushunarli va qiziqarli qilish yo‘llarini muhokama qila boshlaganmiz. Hamkor sifatida "Yangi Asr Avlodi" nashriyotini tanlab, u bilan birgalikda kitob yaratish g‘oyasini ishlab chiqdik va amalga oshirdik. Biz uchun shunchaki kitob chiqarish emas, balki bolalarga yoshligidanoq pulga to‘g‘ri munosabatni shakllantirishga yordam beradigan, haqiqatan ham foydali va tushunarli qo‘llanma yaratish muhim edi. Bugun ushbu g‘oya bank, nashriyot, mutaxassislar va eng asosiysi, bolalar hamda ularning ota-onalarini birlashtirgan to‘laqonli ijtimoiy loyihaga aylanganini ko‘rish juda quvonchli."
Taqdimotning o‘ziga xos jihati butun oila uchun maxsus dastur tayyorlangani bo‘ldi. Tashkilotchilar mehmonlarga shunchaki o‘yin-kulgi ulashishni emas, balki o‘sib kelayotgan yosh avlodda moliyaviy madaniyat poydevorini shakllantirishni, bolalarda kitobning ilk sahifasini ochmaslaridanoq, uni tezroq o‘qishga o‘zlari qiziqib qolishlari uchun kitob qahramonlari va syujetiga mehr uyg‘otishni maqsad qilib olgan edilar. Bolalar o‘yin tarzida moliya olamiga sho‘ng‘idilar: ular moliyaviy kvestdan o‘tib, teatr tomoshasini ko‘rdilar va ko‘ngilochar dasturda qatnashdilar.
Ushbu loyiha InfinBANK’ning ijtimoiy va ta’limiy tashabbuslar yo‘nalishidagi ishlarini davom ettirib, bankning moliyaviy savodxon avlodni shakllantirishga hissa qo‘shishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

