Layfstayl

Sardor Rahimxon qo‘shig‘ini sovg‘a qilgan, 10 ming yevrolik taklifni rad etgan va turmush o‘rtog‘i bilan Instagram’da tanishgan Dilnoz 33 yoshda (foto, video)

Sardor Rahimxon qo‘shig‘ini sovg‘a qilgan, 10 ming yevrolik taklifni rad etgan va turmush o‘rtog‘i bilan Instagram’da tanishgan Dilnoz 33 yoshda (foto, video)

“Daydi yorim”, “Saharlar”, “Kechir” kabi qo‘shiqlari bilan muxlislar mehrini qozongan isteʼdodli xonanda Dilnoz Hakimova 11-sentyabr kuni 33 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan bugun oilani, farzand tarbiyasini va ijodni birdek olib borayotgan xonandaning ijodiy hamda hayot yo‘liga nazar tashlaymiz.

### “Oilamizda sanʼatkor, ijodkor insonlar yo‘q”

Dilnoz Hakimova 1993-yilda Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Oiladagi to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Dilnozaning ikki singlisi bor.

— Oilamizda sanʼatkor, ijodkor insonlar yo‘q. Bizda hamma harbiy yo‘nalishda ishlaydi. Onam mayor, otam ichki ishlarda, tog‘am, hammalari shu yo‘nalishda. Men yoshligimdan musiqani, raqsga tushishni yaxshi ko‘rganman, pianinodan Sevara Nazarxonning xolasi dars bergan. Bog‘chada, qo‘shiq aytib, raqsga tushgan paytim, menda isteʼdod borligini sezishgan. Keyin musiqa maktabiga berishgan, buning uchun oyimga rahmat aytaman. Ular tig‘iz ish rejasiga qaramay, men bilan studiyalarga qo‘shiq yozishga borib doim qo‘llab-quvvatlagan, deydi xonanda.

### “Buvim va buvamning uylariga borish men uchun baxt bo‘lgan”

— Bolaligim juda ham ajoyib o‘tgan. Buvim bilan buvamning uylariga borishim bir olam quvonch bo‘lgan. Hammaning uyida shaxmat-shashka o‘ynalsa, bizda narda o‘ynalardi. Shu sababli bu o‘yinni hali ikkinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimdayoq o‘rganganman. Maqtanish emas-ku, lekin hozirgacha juda zo‘r o‘ynayman.

Menimcha, yosh bolaning haqiqiy zo‘r o‘tgan davri buvisinikiga, qarindosh-urug‘larinikiga mehmonga borib, ko‘chalarni changitib o‘ynagan paytlari bo‘lsa kerak.

### “Eng qattiq sog‘inadigan insonim — bobom”

— Eng ko‘p sog‘inadigan insonim hamisha bobom bilan buvim bo‘lib qoladi. Ular tufayli bolalikning chinakam baxtli damlarini yashaganman. Ular tomonidan avaylanib, eʼzozlanganman. Bir so‘z bilan aytganda bobom va buvimning qizi bo‘lganman. Avval ham shu haqda aytganimdan so‘ng ko‘pchilik meni buvisining qo‘lida katta bo‘lgan, deb o‘ylar ekan. Ammo unday emas. Onam bilan ulg‘ayganman. Yozgi taʼtil va dam olish kunlari buvimnikiga borib kelardik, deydi xonanda.

### Xonandaning otasi haqidagi so‘zlari

Dilnoz Hakimova avvalgi intervyularida otasi haqida gapirmagan. Bu mavzuni tilga olish taqiqlanmagan bo‘lsa-da, uning o‘zi bu haqda ko‘pchilikka so‘zlashni istamaydi.

— Otam haqida gapirish taqiqlanmagan. Shunchaki avvallari bu mavzuda gapirishni xohlamasdim. Yana bir jihat — hayotimdagi hamma narsani ham ochiqlayverishni yoqtirmayman. Uyida nima bo‘lsa ham tashqariga chiqmaydi, deyishadi-ku, bizga shunday tarbiya berilgan. Aytilishi kerak bo‘lmagan, boshqalarga bilishi kerak bo‘lmagan gap-so‘z hech qachon oilamizdan tashqariga chiqmagan. Shuning uchun ham otam haqida uncha ko‘p gapirmayman. Otam bor, tiriklar. Ular hozir bobomning, yaʼni otasining uyida yashaydi. Borligim uchun ularga har doim rahmat aytaman. Endi shunday bo‘lishi kerak ekan. Men to‘rtta tog‘am va bobom tomonidan ko‘proq otalik mehrini his qilganman, deydi Dilnoz Hakimova.

### “Kichikligimdan ashulachi bo‘lishimni bilganman”

— Balki g‘alati eshitilar, lekin kichkinaligimdan ashulachi bo‘lishni xohlaganman. Bolaligimdan nimagadir erishishni orzu qilganman. Balki bu katta gapirish bo‘lib tuyular, lekin men kelajakda san’atkor bo‘lishimni bilganman. O‘sha paytlar “hali zo‘r qo‘shiqchi bo‘laman, chiroyli bo‘lib, sahnalarga chiqaman”, derdim. O‘zimga bo‘lgan ishonchim shu darajada kuchli bo‘lgan. Shuning uchun baʼzilar nimagadir erishganda “voy, kutmagandim”, deydi-ku, lekin qanchalik egoistlik ohangida eshitilmasin, men xonanda bo‘lishimni kutgandim.

### “Sardor Rahimxon ota haqidagi qo‘shig‘ini menga sovg‘a qilgan”

Xonanda dastlabki musiqiy savodni 2003—2008-yillarda musiqa maktabida, 2009—2011-yillarda san’at kollejida olgan. Keyinchalik 2014—2017-yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining opera xonandaligi yo‘nalishida tahsil olgan.

2019-yilda Dilnoz sobiq xonanda Sardor Rahimxon muxlislari o‘rtasida uyushtirgan tanlovda xonandaning ota haqidagi qo‘shig‘ini divan suyanchig‘iga yotgan holda kuylab qatnashgan. Uning bu chiqishi o‘sha davrda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

— Sardor Rahimxonni ustoz darajasidagi sanʼatkor, deb ko‘rsatishim mumkin. Chunki ular ham necha yillar davomida go‘zal qo‘shiqlar bilan ijod qilgan inson. Ular uyushtirgan chelenjda xonandaning ota haqidagi qo‘shig‘ini aytganimdan so‘ng sanʼatkorning o‘zi menga qo‘shig‘ini sovg‘a qilishini aytgan. O‘shanda qo‘shiq uchun boshqatdan klip ham ishlashim mumkinligini bildirgan. “Bu qo‘shiq endi sizniki”, degan edi o‘shanda. Odatda sizga bitta harf o‘rgatgan inson sizga ustoz sanaladi. Butun boshli qo‘shig‘ini sizga berib, oq yo‘l ko‘rsatgan inson albatta ustoz sifatida qabul qilinishi kerak. Aytishim kerak, Sardor Rahimxonning shu qo‘shig‘i bilan tanilganman, deydi u.

O‘zimga talabchanligimni hisobiga boshqa insonlarga ham talabchanman. Qarasam, u insonlar menga to‘g‘ri kelmadi, shu bilan chiroyli qilib yaxshi notada tugatganman. Hozirgacha prodyuserlardan taklif bo‘ladi, lekin ular menga to‘g‘ri kelmaydi, deydi Dilnoza Hakimova.

### “Haqiqiy familiyam Hakimova emas”

Foto: Instagram

U pasportdagi familiyasi aslida Hakimova emas, Ne’matullayeva ekanini, keyinchalik bobosining ismiga o‘zgartirmoqchi bo‘lganida hujjatlarda muammo bo‘lgani sababli o‘zgartirolmaganini aytadi.

— Familiyam Hakimova emas, ko‘pchilik Hakimova deb o‘ylaydi, yozadi, hattoki Hakimova deb faxriy yorliqlar berishgan. Instagramʼda ham, rasmiy joylarda ham Hakimova deb tanilganman. Aslida familiyam Neʼmatullayeva, buni bobomning ismiga o‘zgartirmoqchi bo‘lganman. Hujjatlar bilan muammo bo‘lgani va almashtira olmaganim sababli Instagramʼda akkaunt ochganimda Hakimova deb yozganman. Videolar tarqalib ketgandan keyin hozirgacha Hakimova deyishadi. Ijodda Dilnoz, ismim bilan tanilganman.

Dilnoza Hakimova bir necha yillar avval Sardor Komilov (Sayyod) bilan ishlagan va keyinchalik prodyuser bilan ishlay olmasligini tushunib yetganini ma’lum qilgan.

— Hozir prodyuserim yo‘q, o‘sha paytda Sardor Komilov (Sayyod) bilan ishlaganman. Ular bilan shartnomani tugatganimdan keyin yangi prodyuser bilan ish boshlanishi kerak bo‘lgan. Bu ikkalamiz tomonimizdan kelishilgan qaror edi. Undan so‘ng boshqa prodyuser bilan ish boshlaganman, ana o‘shanda prodyuser bilan ishlay olmasligimni tushunganman. O‘zbekistonda prodyuserlik borasida ozgina oqsash bor. Tan olish kerak, O‘zbekistonda prodyuserlik maktabini o‘zi yo‘q. Odamlar prodyuser kimligini bilmaydi, insonlar homiy bilan prodyuserni adashtirib qo‘ygan.

Homiy degani prodyuser emas, prodyuser degani homiy emas. Homiy ijodingiz uchun pul tikadigan inson, u sizning imijingizga, qo‘shiq tanlashingizga, qayerga borishingizga aralashmaydi. Homiylar o‘zini prodyuserman deyapti, ‘men aytgan ashulani aytasiz’, ‘menga shunaqa imij yoqdi, shunaqa chiqasiz’, ‘klipingizning shu joyini olamiz, chunki men shuni xohlayapman’, deydi. Bu juda noto‘g‘ri, chunki ijodkor bilan pulli insonning orasida katta farq bor. O‘zim tan olib hurmat qiladigan insonlarim bor, Shahzodani, Dilso‘zni prodyuseri, ularda hamma narsa yaxshi ishlaydi. Ular bu imij qaysi xonandalarga mos tushishini, qo‘shiqlar qaysi xonandaning ovoziga mos tushishini biladi. Menga homiy bo‘lgan bola ham o‘zini prodyuserman degan va aralashishni boshlagan.

### “Mashhurlikka erishish uchun 10 yil umrimni sarfladim”

Foto: Instagram

— Aksariyat muxlislar meni bitta qo‘shig‘i bilan yulduz bo‘ldi, deb o‘ylaydi. Mashhurlikka erishish 10 yil umrimni oldi. Bu yillar men uchun tajriba davri bo‘ldi. Qo‘shiqlarimni xalqqa qanday taqdim etishimni tinmay tahlil qilardim. “Birinchi ashulani berib so‘ng klipni chiqargan yaxshimi yoki teskarisi, mana bu obrazim bilan bu ashula mos tushyaptimi, bu ashula yaxshi qabul qilinsa, ertaga nima qilaman, endi dam olsa bo‘larmiki yoki yo‘q, yo‘q, dam olsam, odamlar unutib yuboradi.

Demak, omadim kelib ashulam mashhur bo‘lib ketsa, shu o‘rinda turish uchun undan ham ko‘proq ishlashim kerak ekan. Ko‘tarilish oson ekan-u, u yerda turish qiyin ekan”, deb chuqur o‘ylardim. Mana shu kabi tajribalar bo‘lmaganida juda ham qiyin bo‘lardi. Chunki bir qo‘shiq bilan yulduz bo‘lgan insonlar, afsuski, qanday tanilgan bo‘lsa, shunday yo‘qolib ketishadi. Bu narsani o‘zimda his qilib ko‘rganman. Bularning hammasini anglashim uchun 10 yil vaqt kerak bo‘ldi.

### “Xonanda Dilnoz ko‘nglini tinglab turadimi?”

Foto: Instagram

— Har doim ko‘nglimga quloq tutaman. Qalbim ham aqlli shekilli (kuladi). Lekin qalbimga quloq tutib, aqlan ish qilmaganim uchun pand yegan kunlarim ham bo‘lgan. Bu haqda ochiq aytishni xohlamayman-u ammo bu ish borasida bo‘lgan. Men bilan birga ishlaydigan insonlarning qilgan xatolari, noto‘g‘ri qilgan ishlariga aqlan ahamiyat bermasdan yonimdagi inson, yaxshi odam-ku, men bilan bir dasturxondan ovqat yeydi-ku, deb o‘ylaganman. Biroq hamma ham bir dasturxonda o‘tirsa-da, sizga do‘st bo‘lmas ekan. Baʼzilari shunchaki och bo‘larkan. Shuning uchun mana shunday paytlarda ko‘proq aqlimga emas, ko‘nglimga quloq solganim uchun afsuslanganman. Hozirgi kunda ko‘proq aqlga tayanib ish qilish kerak, degan xulosaga kelganman, deydi xonanda.

### “Qadriyatlarimga to‘g‘ri kelmaydigan takliflar bo‘lgan”

— Baʼzan qadriyatlarimga to‘g‘ri kelmaydigan takliflar ham bo‘lgan. Menimcha, bu kabi takliflar boshqa sohadagi ayollarga beriladi. Afsuski, bu bor gap. Lekin xursand bo‘ladigan narsam, 10 yilda bo‘lsa ham qaysidir pog‘onaga yetib kelganimda atrofimda uyaladigan odamlarim yo‘q. “Ertaga men haqimda mana bunday gap chiqib qolsa-chi, intervyuga borganimda mana bunday savol bersa, nima deb javob beraman”, deb qo‘rqmayman. Qayerdadir kimdir tilini uzun qilib “buni sahnaga men chiqarganman”, deyolmaydi. Yordam bergan insonlarga esa har doim rahmat aytganman va bu ochiq-oydin bo‘lgan. Rostini aytsam, mana shular uchun xursand bo‘laman va o‘zim bilan faxrlanaman, deydi Dilnoz Hakimova.

### “10 ming yevro bermoqchi bo‘lishgan”

— Yaqinda nomaqbul takliflar chet eldan ham bo‘ldi. Videolarim chet ellik kommentatorlar bilan to‘lib ketdi. Eron va boshqa davlatlardan ko‘p izoh yozishdi. Menimcha o‘sha yerdan taklif keldi, ism-familiyasi, qayerga taklif qilinayotganim yozilgan, ‘bitta zo‘r mehmonxonaning reklama roligi uchun sizni taklif qilyapmiz, gonorarini — 10 000 yevro’, dedi. Kelib-ketishingiz hammasi bizning bo‘ynimizda, joyigacha yozilgan. Muammoni tekshirib keyin gaplashamiz, bo‘ldi, administrator bilan muloqot qilasiz degan joyimda ‘yo‘q, sizning o‘zingizdan so‘rab olishimiz kerak bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlar bor’, deyapti.

Keyin, mayli, so‘rang dedim, buni aytish ham g‘alati, ‘bizning boshlig‘imiz sizni yoqtirib qolibdi, ularni O‘zbekistonda neft biznesi bor’ deb familiyasi va ismini qo‘rqmay yozyapti. ‘Shu inson bilan shaxsiy aloqangiz, munosabatingiz bo‘lishini istayapti, agar shu taklifimiz sizga to‘g‘ri kelsa, ayting’, deyishyapti. Bu narsaga hayron ham qolmayman. Kechirasiz, bu taklifingizni qabul qila olmayman, deb yozdim. Keyin ular ‘bo‘ldi, tushundik, lekin sizga bergan taklimiz o‘z kuchida turibdi, nechtadir davlatda aylanadigan reklama roligida tushib berishingizni xohlaymiz’, deyishdi. Muhimi ularning nima deyishi emas, o‘zingizni qanaqa tutishingiz, deydi xonanda.

### “Sanʼat hayotimning butun qismini egallab olishini istamayman”

— Har doim sanʼat butun hayotimni egallab olgan narsaday ko‘rsatmaslikka harakat qilganman. Chunki bu baribir ish, umrimning butun qismini egallab olishi kerak emasligini tushunardim. Shuning uchun ham ishlashga u qadar berilib ketmaslikka harakat qilardim. Agar ishimga ketkazganlarimni qaytib ololmasam, siqilib yotib qolishim mumkin. Ham aqlan, ham ruhan ijodim to‘xtab qolmay, davom etib tursin deganman va mana Xudoga shukr, davom etib kelyapti, deydi u.

### “ ‘Suzilmasdan qo‘shiq ayting’, deyishadi”

— Biz ayol kishimiz va tabiatimizda latofat bor. Qo‘pol bo‘lib, qovog‘idan qor yog‘ib, yurgandan ko‘ra, erkalanib yurgan maʼqul. Bu yerda bachkanalik haqida gap ketmayapti, qolaversa, bu uslub odamlarning yodida qoldi. To‘g‘ri, latofat bilan madaniyatsizlikning orasi juda qisqa, baʼzilar buni oshirib yuborishi mumkin. Lekin men har doim chegarani saqlashga harakat qilaman. Hatto qop kiyib ham latofatli ko‘rinib kuylash mumkin. Umuman olganda, baxtli inson kulib, erkalanib yashaydi.

### Xonandaning shaxsiy hayoti haqida

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishganini aytadi. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i davlat ishchisi va san’at olami unga begona.

— Hech qachon hech kimga yozmasdim. Lekin turmush o‘rtog‘imning omadi kelib, o‘sha kuni ularning yozganiga javob qaytardim. Endi yozgan gaplariga qaytib yozmasa ham bo‘lmasdi. “Hech nima demoqchimasmisiz menga”, deb yozgan ekan. Kim ekan bu, nimadir bo‘lganmikin, deb bir og‘iz yozganimdan keyin qanaqadir, taqdir bo‘lib tanishib ketdik, deydi u.

2025-yilning 13-sentyabr kuni Toshkentdagi “Ezidyor” to‘yxonasida xonanda Dilnoz Hakimovaning dabdabali nikoh oqshomi bo‘lib o‘tdi. To‘yda o‘zbek estradasining ko‘plab taniqli vakillaridan Jahongir Otajonov, Tohir Sodiqov, Shahriyor, Yorqinxo‘ja Umarov, Ziyoda, Shirin Zoitova, Izzat Shukurov va boshqa bir qancha san’atkor va blogerlar mehmon bo‘ldi.

— To‘g‘risini aytsam, turmushga chiqqanimdan so‘ng hayotimda katta o‘zgarishlar yuz bermadi. Tan olishim kerak, oila qurganimdan keyin yelkamga og‘ir yuk tushmadi. To‘ydan so‘ng alohida uyga chiqib ketganimiz sababli ertalabdan turib hammaga dasturxon tayyorlash kabi qiyinchiliklarga duch kelmadim. Agar qatʼiy oilaviy tartibda yashaganimizda, vaqtimizning ko‘p qismini ro‘zg‘or ishlariga va uydagilarga qarashga sarflashimizga to‘g‘ri kelardi.

Hozir esa faqat turmush o‘rtog‘imning osh-ovqatini tayyorlab bersam bo‘ldi — menda mana shunday yengillik bor. Boshqa kelinlar kabi barvaqt turib ko‘cha supurish majburiyati ham yo‘q. Lekin shanba va yakshanba kunlari qaynona-qaynotamning xonadoniga borib, oilaviy kunlar uyushtiramiz. U yerga borganimizda ham og‘ir ishlar qilinmaydi, aksincha, yaqinlar bilan suhbatlashib o‘tiramiz, deydi xonanda.

Xonanda 2026-yilning 16-iyun sanasida ilk marta ona bo‘ldi va qizaloqqa Amani deb ism qo‘ydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.