Samsung’dan Hyundai’gacha. Mirziyoyev Koreya korporatsiyalariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni taklif qildi

Samsungdan Hyundaigacha. Mirziyoyev Koreya korporatsiyalariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni taklif qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya gigantlari — Samsung, LG, Hyundai, Kia, Lotte va boshqa yirik korporatsiyalarga import modelidan voz kechib, Oʻzbekistonda toʻliq ishlab chiqarish tsikliga ega mahalliylashtirilgan yuqori texnologik xablar yaratishga oʻtishni taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu tashabbus Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni «yangi Ipak yoʻli» darajasiga koʻtaradi va ikki mamlakatni yuqori texnologiyalar, sanoat va muhim minerallarni qayta ishlash sohalarida yanada chuqurroq integratsiya qilish imkonini beradi.
Bu haqda davlat rahbarining Seulga davlat tashrifi munosabati bilan Janubiy Koreyaning «The Chosun Ilbo» nashrida chop etilgan maqolasida soʻz boradi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz maqolasida Toshkent va Seulning iqtisodiy manfaatlari toʻliq mos kelishini taʼkidladi: Oʻzbekiston jahon qoʻshilgan qiymat zanjirlariga chuqur integratsiyalashuvni maqsad qilgan, Janubiy Koreya esa resurslar yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va barqaror bozorlardan manfaatdor.
Maqolada ushbu sheriklik poydevori allaqachon juda mustahkam ekani urgʻulangan: Koreyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi, respublikada 700 dan ortiq qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi esa soʻnggi yillarda besh barobar koʻpaydi. KOICA va Koreya Eksimbanki (EDCF) orqali qoʻshma dasturlar 3,5 milliard dollardan oshdi, Oʻzbekiston esa mintaqada Janubiy Koreyaning yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarini sotib olgan birinchi davlat boʻldi.
Yuqori texnologik xablar uchun ustuvor yoʻnalishlar qatorida sunʼiy intellekt, yarimoʻtkazgichlar, mikroelektronika, elektromobilsozlik, robototexnika, biofarmatsevtika va «aqlli» qishloq xoʻjaligi tilga olingan. Yangi yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish uchun Oʻzbekistonning boy resurslarini Seulning ilgʻor texnologiyalari bilan birlashtirishga alohida urgʻu berilgan.
Nashrda, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish ahamiyati: akademik almashinuvlarni kengaytirish, R&D (ilmiy-tadqiqot) markazlarini tashkil etish va kadrlarni birgalikda tayyorlash zarurligi qayd etilgan.
«Yolgʻiz otning changi chiqmas», — deya oʻzbek xalq maqolini keltiradi davlat rahbari va uni birgalikdagi mehnat har qanday vazifani yengillashtirishi haqidagi Koreya donishmandligi bilan qiyoslaydi.
Bundan tashqari, maqolada ikki xalqning madaniy yaqinligi, umumiy qadriyatlari, Seulning Koreya yarim orolida tinchlik oʻrnatish borasidagi saʼy-harakatlari qoʻllab-quvvatlanishi haqida soʻz boradi, shuningdek, janubiy koreyaliklarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Toshkent shaharlarini ziyorat qilish uchun shaxsiy taklifnoma mavjud.
Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Prezident Li Chje Myon bilan muzokaralar oʻtkazadi, 16 sentyabr kuni esa birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ishtirok etadi, uning yakunlari boʻyicha Seul deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

