Samolyotda yurish-turish qoidalarini buzgan yo‘lovchilarga jarimalar oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda aviatsiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jarimalarni kuchaytirish taklif etilmoqda. Samolyot komandiri yoki ekipaj a’zosining yo‘lovchilarning yurish-turish qoidalariga rioya qilish haqidagi ko‘rsatmalarini takroran bajarmaganlik uchun 15−20 BHM jarima belgilanishi mumkin.

**Samolyotda yurish-turish qoidalarini buzgan yo‘lovchilarga jarimalar oshirilishi mumkin**
Samolyot komandiri yoki ekipaj a’zolarining yurish-turish qoidalariga rioya qilish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmagan yo‘lovchilar uchun jarimani ko‘paytirish taklif qilinmoqda. O‘zbekiston Transport vazirligi tayyorlagan qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portaliga joylashtirilgan.
U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, aviatsiya sohasidagi huquqbuzarliklar ro‘yxatini kengaytirish hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini qayta taqsimlashni nazarda tutadi.
Loyiha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116-moddasini yangi qismlar bilan to‘ldirishni ko‘zda tutadi. Ushbu modda uchish xavfsizligi qoidalarini buzishga taalluqli.
Taklifga binoan, quyidagi holatlar uchun jarimalar belgilanadi:
Loyihada havo kemasini boshqarish va parvozlarni ta’minlashga bevosita aloqador faoliyat bilan faqat tegishli huquqqa ega shaxslar shug‘ullanishi kerakligi belgilangan. Havo kodeksiga muvofiq, aviatsiya xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va malakasiga, shuningdek havo kemalarining uchishga yaroqliligiga nisbatan talablar mavjud.
Tushuntirish xatida texnik nosozliklarga qaramay parvozni amalga oshirish xavfini izohlash uchun havo kemasining minimal jihozlari ro‘yxati — MEL (Minimum Equipment List) ham keltirilgan. Unda qaysi uskuna yoki tizim ishlamay qolgan taqdirda parvozga ruxsat berilishi mumkinligi va qanday qo‘shimcha cheklovlarga rioya etilishi belgilanadi.
Havo kemalarini davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga tegishli belgilarni berish ham amaldagi talablardan hisoblanadi. Loyihada bu talablarni buzganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Kodeksning 117-moddasi — “Havo kemasida yurish-turish qoidalarini buzish” moddasini yangi tahrirda bayon etish taklif qilinmoqda.
Unga ko‘ra, yo‘lovchi havo kemasi komandirining yoki uning nomidan ekipaj a’zosining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga rioya qilish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmasa, 5 BHMdan 10 BHMgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima 15 BHMdan 20 BHMgacha oshirilishi taklif qilinmoqda.
Amaldagi 117-moddada ham havo kemasi komandiri yoki ekipaj a’zolarining farmoyishlarini bajarmaslik uchun 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima nazarda tutilgan. Biroq taklif etilayotgan tahrirda yo‘lovchining aynan havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarni bajarmasligi aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, huquqbuzarlikni bir yil ichida takror sodir etganlik uchun alohida, yuqoriroq jarima belgilanmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi moddada havo kemasi bortida foto, kino va video tasvirga olish, shuningdek, radioaloqa vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish uchun jarima va tasvirga olish vositalariga oid materiallarni musodara qilish nazarda tutilgan. Loyihada bu qismni chiqarib tashlash taklif etilgan.
Tushuntirish xatida mazkur norma bugungi kunda o‘z dolzarbligini yo‘qotgani qayd etilgan: yo‘lovchilarda kamerasi bor shaxsiy telefonlar mavjud, foto-plyonka va videokassetalar esa deyarli ishlatilmaydi. Shu sababli tasvirga olishni taqiqlashga oid eski norma qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu o‘zgarish boshqa yurish-turish qoidalariga rioya qilish majburiyatini bekor qilmaydi.
Loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 198−10-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. U Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlikni belgilaydi.
Taklif etilayotgan jarimalar quyidagicha:
Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, fuqarolarga 50 BHM, mansabdor shaxslarga esa 100 BHM jarima solish taklif qilinmoqda.
Tushuntirish xatiga ko‘ra, agentlik amalda ham tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berish vakolatiga ega. Bu vakolat Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-apreldagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan Agentlik to‘g‘risidagi nizomda hamda 2014-yil 17-dekabrdagi 346-son qaror bilan tasdiqlangan parvozlar xavfsizligini ta’minlash dasturida belgilangan.
Tushuntirish xatida keltirilishicha, “O‘zaviatsiya” agentligi 2025-yil davomida 202 ta nazorat tekshiruvi o‘tkazgan va fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga 95 ta taqdimnoma kiritgan. Yangi modda orqali agentlikning ko‘rsatmalarini bajarish majburiyatini buzganlik uchun alohida javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-, 248- va 251-moddalariga ham o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi. Bu moddalar ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qaysi organlar ko‘rib chiqishini belgilaydi.
Loyihaga ko‘ra, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi havo transporti sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiquvchi yagona organ sifatida belgilanadi. Agentlik direktori va uning o‘rinbosari, shuningdek boshqarma va bo‘limlar rahbarlari ayrim ishlar bo‘yicha qaror qabul qilish hamda ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyihada Agentlik mansabdor shaxslari ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzishi va uni sudga yuborishi belgilangan. Jumladan, yangi 198−10-moddadagi — agentlik ko‘rsatmalarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanganda shunday tartib qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.
Kodeksning boshqa moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini yangi tartibga muvofiqlashtirishga qaratilgan. Tushuntirish xatida bunga sabab sifatida avvalgi normalarda ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha vakolatlar Fuqaro aviatsiyasi agentligi va Uzbekistan Airways o‘rtasida taqsimlangani ko‘rsatilgan. Taklif etilayotgan tahrirda ma’muriy ishlar bo‘yicha vakolatlarni agentlikda jamlash nazarda tutilmoqda.
Transport vazirligi loyihani Prezidentning 2025-yil 27-oktabrdagi PF-193-son farmonida belgilangan vazifalarni bajarish uchun ishlab chiqqan. Farmonda fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini ta’minlash sohasida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning sakkizta yo‘nalish bo‘yicha talablariga rioya etilishini o‘rtacha 85 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.
Loyiha, shuningdek, IKAOning 2017 va 2023-yillarda O‘zbekistonda parvozlar xavfsizligini nazorat qilish tizimini baholash natijalari bo‘yicha bergan tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Tushuntirish xatida IKAO O‘zbekiston qonunchiligida huquqni qo‘llashga oid normalar mavjudligini, biroq jazolar va huquqbuzarliklar ro‘yxati cheklanganini qayd etgani aytilgan. Xususan, tashkilotlar va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan ayrim texnik qoidabuzarliklar yetarlicha qamrab olinmagani ko‘rsatilgan. Shu sababli yangi huquqbuzarlik tarkiblari va ular uchun jazolar belgilash taklif qilinmoqda.
Loyiha mualliflarining fikricha, huquqbuzarliklar ro‘yxatini kengaytirish va javobgarlikni kuchaytirish parvozlar xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzarliklarning oldini olish hamda xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etishga xizmat qiladi.
Hujjatni tayyorlashda IKAO standartlari va Yevropa Ittifoqi qoidalari, shuningdek Moldova, Turkmaniston, Qozog‘iston, Latviya va Rossiya tajribasi o‘rganilgan.
Tushuntirish xatida loyihani qabul qilish davlat budjetidan qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab qilmasligi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish kiritish zarurati yo‘qligi qayd etilgan.
Qonun loyihasi 24-oktabrga qadar muhokamada bo‘ladi.

