Samarqanddagi sammit doirasida «IMKON» markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi ushbu markazda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va

Samarqandda sammit doirasida «IMKON» markazining ochilish marosimi o‘tkazildi
«Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida» xalqaro sammiti doirasida Samarqandda «IMKON» markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, shuningdek, sammitda qatnashayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi mazkur markazda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya birlashtiriladi. Har bir bola uchun dastur uning individual ehtiyojlari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi. Ota-onalar farzandi egallagan ko‘nikmalarni uy sharoitida mustahkamlash uchun mutaxassislardan tavsiyalar olishlari mumkin.
Maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruhni qamrab oladi. Ambulator bo‘limda esa 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan oyiga qariyb 100 nafar bola reabilitatsiya kurslaridan o‘tishi mumkin.
Markazda davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashg‘ulotlari, fizioterapiya hamda boshqa muolajalar amalga oshiriladi. Bu yerda yetti yo‘nalishdagi shifokorlar, defektolog pedagoglar, logopedlar, psixologlar, reabilitatsiya mutaxassislari va boshqa xodimlar faoliyat yuritadi.
Samarqanddagi markaz Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshondagi muassasalarni ham o‘z ichiga olgan «IMKON» tarmog‘ining yangi bo‘g‘iniga aylandi. 2025 yilda tarmoq muassasalarida 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulot o‘tkazilib, 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan o‘tgan.
Tarmoqni kengaytirish ishlari davom etmoqda: Farg‘onada markaz qurilishi boshlangan, Namanganda va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham shunday muassasalar barpo etish rejalashtirilmoqda.

