Samarqanddagi Jahon sammiti: Islohotlar, bolalik dunyosi va kelajak investitsiyasi
Sammit doirasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazma O‘zbekistondagi islohotlarning asl mazmun-mohiyatini inson taqdirlari misolida ochib beruvchi

**Samarqanddagi Jahon sammiti: islohotlar, bolalik olami va kelajakka sarmoya**
Xabaringiz bor, ayni kunlarda qadimiy va navqiron Samarqand shahri «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l» mavzusidagi Jahon sammitiga mezbonlik qilmoqda. Sammit doirasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazma O‘zbekistondagi islohotlarning asl mazmun-mohiyatini inson taqdirlari misolida ochib beruvchi jonli maydonga aylandi.
Ko‘rgazmaning bosh g‘oyasi — «Dunyo bola nigohida» konsepsiyasiga tayangan. Bu yerda qatnashayotgan siyosatchilar, shifokorlar va xalqaro ekspertlar davlat islohotlari ortida turgan bolaning hayotiy tajribasini, uning o‘zini xavfsiz his etishi, oila bag‘rida bo‘lishi, sifatli ta’lim olishi va kelajagini erkin tanlash imkoniyatlarini yaqqol ko‘rishlari mumkin.
Ko‘rgazma orqali bola farovonligi davlat va jamiyatning uzluksiz mas’uliyati sifatida namoyish etilmoqda. Ya’ni, bu bo‘lajak onaga g‘amxo‘rlik qilishdan boshlab, to xavfsiz tug‘ruq, ta’lim olish va mustaqil hayotga qadam qo‘yishgacha bo‘lgan zanjirli tizimni qamrab oladi.
Sammitning ochilish qismida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalik dunyosi va ularni himoya qilishning asl mazmuni haqida juda muhim fikrni ta’kidladi:
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi islohotlarning mohiyatini ochib beruvchi bir nechta muhim zanjirlardan iborat. Shulardan biri «Hayot boshlanadigan 1000 kun» loyihasi.
Ekzpozitsiya qo‘llab-quvvatlash tizimi homiladorlikdan oldin, ayolning reproduktiv salomatligini asrashdan boshlanishini ko‘rsatadi. Shifoxonagacha va tug‘ruqdan keyingi uzluksiz tibbiy kuzatuv, to‘g‘ri ovqatlanish, xavflarni erta aniqlash va muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash — bu kelajak sog‘lom avlodi uchun eng uzoq muddatli va samarali investitsiyadir.
Ma’lumot uchun: Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Samarqandda sammitda jurnalistlarga intervyu berish asnosida soha uchun davlat tomonidan qancha mablag‘ ajratilayotganini ochiqladi. Uning aytishicha, tibbiyotga 50 trln.so‘m ajratiladi, shuningdek, vazir bolalar uchun yo‘lga qo‘yilgan tibbiy loyihalarga ham to‘xtaldi.
Oila bolaga g‘amxo‘rlik qilishda yolg‘izlanib qolmasligi kerak. Ko‘rgazmada nogironligi bo‘lgan yoki og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar uchun manzilli nafaqalar, «Imkon» markazlaridagi reabilitatsiya va «Ona uyi» resurs markazlari orqali bolaning oiladan ajrab qolishining oldini olish mexanizmlari ko‘rsatib berilgan. Bosh maqsad bolaning yetimxonada emas, oila muhitida ulg‘ayishidir.
Mahalla darajasidagi ko‘mak va «Inson» markazlarining yordami bolalarga o‘z yashash joyida, ya’ni mahallaning o‘zida yetib borishi shart. Bugun tizim muammo paydo bo‘lgandan keyin emas, balki u inqirozga aylanmasdan oldin ijtimoiy xodimlar va raqamli Ijtimoiy reyestr orqali xonadonlarga kirib bormoqda.
BMT vakillari ham bu borada milliy budjetlarni shakllantirishda bolalar manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini qayd etishmoqda. Anjumanda so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Amina Muhammad davlatlar va ota-onalar oldidagi global mas’uliyat haqida shunday dedi:
“Bolalar farovonligini milliy budjetlarning ustuvor yo‘nalishiga aylantirish va mamlakatlarda bunday investitsiyalar uchun budjet makoni yaratilishini ta’minlaydigan “BRMni rag‘batlantirish“ (SDG stimulus) g‘oyasini ilgari surish lozim. Biz bolalarning o‘zlariga ham quloq solishimiz shart. Agar bola o‘qisayu och bo‘lsa yoki maktabga kelishdan juda qo‘rqsa, maktab, shart-sharoit hech qanday ahamiyatga ega emas. Hech bir ota-ona o‘z farzandini davolatish va ularning asosiy ehtiyojlarini qondirish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmasligi kerak”.
Ko‘rgazmada bolalar saratoniga qarshi kurash, dori ta’minoti va yuqori texnologik tibbiy yordamni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida kompleks yondashuv taqdim etilgan. Shuningdek, zo‘ravonlikdan himoya qilish va inklyuziv ta’lim orqali har bir bolaga o‘z iqtidorini namoyish etish uchun teng imkoniyat berish — davlat siyosatining bosh mezoni sifatida e’tirof etildi.
Aynan shu masalaning tibbiy va xalqaro ko‘lami haqida to‘xtalar ekan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi tibbiyot mutaxassisi Vitaliy Semyonov bolalar sog‘lig‘ini asrash borasidagi kechiktirib bo‘lmas vazifalarni ochib berdi:
Bolalik bu bugungi kun va aynan shu sababli bu g‘oya juda dolzarbdir. Markaziy Osiyo respublikalarida tug‘ilish ko‘rsatkichlari yuqoriligi sababli, yaqin kelajakda, xususan 2030 va 2050 yillarga borib, saraton tashxisi qo‘yiladigan bolalarning umumiy soni va o‘lim holatlari mutlaq sonlarda ortishi mumkin. Shu bois biz juda muhim bosqichda turibmiz va barchamiz birlashib vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishimiz kerak. Kattalardan farqli ravishda, bolalar saratonining oldini olish har doim ham mumkin emas, shuning uchun eng asosiy vazifa — tashxisni imkon qadar tez va aniq qo‘yish hamda sifatli davolashni kechiktirmasdan boshlashdir.
Sammitning ikkinchi kuni doirasida bolalar farovonligiga investitsiyalar bo‘yicha muhim tarixiy hujjat Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Zero, ko‘rgazmaning ham, butun dunyodan yig‘ilgan ekspertlar anjumanining ham oliy maqsadi bitta: davlat siyosatining samaradorligini quruq hisobotlar ko‘lami bilan emas, balki har bir bolaning hayotida yaratilgan amaliy imkoniyatlar va ularning yuzidagi tabassum, oilalarning xotirjamligi bilan baholashdir.
Samarqanddagi Jahon sammiti o‘z ishini davom ettirmoqda.

