Samarqandda yosh parlament aʼzolari BRMga erishishda parlamentlar rolini muhokama qildi
Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi doirasida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning ishtiroki» mavzusida maxsus ochiq sessiya oʻtkazildi.

Samarqandda yosh parlament aʼzolari BRMlarga erishishda parlamentlar rolini muhokama qildi
Unda turli mamlakatlar parlamentlarining yosh aʼzolari, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha ekspertlari Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirishda qonun chiqaruvchi hokimiyatning oʻrni hamda imkoniyatlarini muhokama qildi.
Sessiyani Oliy Majlis Senati raisi, 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda BRMni amalga oshirish doirasida ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik va institutsional yoʻnalishlarda qator natijalarga erishilgan. Jumladan, 2021–2025-yillarda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 5,8 foizga, 2020–2025-yillarda ishsizlik darajasi 10,5 foizdan 5,1 foizga tushgan. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi esa 18,7 foizdan 47,7 foizga yetgan.
Sessiyada parlamentlarning BRMni amalga oshirishdagi asosiy mexanizmlari ham muhokama qilindi. Qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, byudjet ustuvorliklarini belgilash va fuqarolar, xususan, yoshlarni qarorlar qabul qilish jarayoniga kengroq jalb etish parlamentlar oldidagi muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Muhokamalarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida»gi hamda «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida»gi rezolyutsiyalarning ahamiyatiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, yosh parlament aʼzolarining BRMni ilgari surishdagi roli, parlamentlarning yoshlar bilan ishlash mexanizmlari, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish hamda BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Sessiya yakunida yosh parlament aʼzolarining BRMni amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor tajribalar almashinuvini kuchaytirish va samarali parlament mexanizmlaridan foydalanish boʻyicha takliflar bildirildi.

