Samarqandda yosh parlament aʼzolari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirishni muhokama qildilar

Samarqandda yosh parlament aʼzolari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni qanday tezlashtirishni muhokama qildilar
Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni tezlashtirish uchun parlamentlar qonunchilikni takomillashtirish, davlat dasturlari ustidan nazorat qilish va byudjet ustuvorliklarini belgilashda faolroq ishtirok etishlari kerak. Bu haqda Samarqandda boʻlib oʻtayotgan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament aʼzolarining XII Global konferentsiyasi ochiq sessiyasi ishtirokchilari maʼlum qilishdi.
Yoshlarni siyosiy va ijtimoiy qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb etish, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yosh parlament aʼzolari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar BRMni milliy darajada amalga oshirish mexanizmlarini ham muhokama qildilar.
Sessiya doirasida Oʻzbekistonning ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik va institutsional sohalardagi natijalari taqdim etildi. Xususan, 2021–2025 yillarda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 5,8 foizgacha, ishsizlik esa 2020–2025 yillarda 10,5 foizdan 5,1 foizgacha kamaydi. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 18,7 foizdan 47,7 foizgacha oshdi.
Sessiyani Oliy Majlis Senati Raisi, shuningdek, 2030 yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva ochib berdi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan, BRMga erishishni tezlashtirish va ijtimoiy rivojlanishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalarini alohida koʻrib chiqdilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha yosh parlament aʼzolari tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, tajriba almashish va BRMga erishishni tezlashtirish uchun samarali parlament mexanizmlaridan foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlandi.

