Samarqandda Jahon vaqf forumi oʻtkaziladi
Joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan ushbu xalqaro tadbirga musulmon mamlakatlaridan 300 ga yaqin hukumat rasmiylari va ekspertlarni taklif etish rejalashtirilmoqda.

Samarqandda Jahon vaqf forumi oʻtkaziladi
Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi oʻrinbosari, Vaqf xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin Eshonqulov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyada boʻlib oʻtgan Islomiy iqtisodiyot haftaligi va Jahon vaqf forumida qatnashdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Malayziya parlamenti senatori, Malayziya Vaqf fondi rahbariyati, Butunjahon zakot va vaqf forumi bosh kotibi hamda boshqa rasmiylar bilan uchrashib, soha yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Malayziyaning “Nashrul Qurʼon” nashriyoti raisi Abdul Latif Mirasa bilan boʻlgan uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish va turli xayriya loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.
“Nashrul Qurʼon” nashriyoti “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali Oʻzbekiston xalqiga 20 ming nusxadagi “Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi” kitobini sovgʻa qildi.
Uchrashuvlar davomida Butunjahon vaqf forumini joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazish borasida kelishuvga erishildi. Ushbu xalqaro tadbirga musulmon mamlakatlaridan 300 ga yaqin hukumat rasmiylari va ekspertlarni taklif etish rejalashtirilmoqda.

