Samarqandda ekologiya xodimlariga korxona hududiga kirishga to‘sqinlik qilindi

Samarqandda ekologiya xodimlarining korxona hududiga kirishiga yo‘l qo‘yilmadi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan “T.K.” korxonasi faoliyati bo‘yicha kelib tushgan murojaatni o‘rganish chog‘ida ekologiya xodimlariga tekshiruv o‘tkazishga imkon berilmadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
2026-yil avgust oyida prezident ishonch telefoniga korxonalar faoliyati, jumladan, tunda havoga zararli tutun chiqarilishi va yoqimsiz hid tarqalishi yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan. Shu murojaat asosida Ekopolitsiya xodimlari tegishli tashkilotlarni xabardor qilgan holda “T.K.” korxonasi hududiga borgan.
Korxona atrofi tekshirilganda atmosferaga zararli tutun chiqarilayotgani hamda qurilish chiqindilari korxona tashqarisidagi belgilanmagan joyga tashlanayotgani aniqlangan. Ammo xodimlarning korxona hududiga kirishi to‘sib qo‘yilgan, rahbariyat esa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga ham murojaat qilingan, biroq hozircha natija bo‘lmagan. Tekshiruvning qonuniyligi va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Biznes-ombudsman ham xabardor qilingan.
Mazkur holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnoma rasmiylashtirilmoqda. Korxona faoliyatini o‘rganish uchun sudga ham ariza kiritilmoqda.

