Mahalliy

Samarqandda bir necha yil davolangan echkemar tabiatga qo‘yib yuborildi

Samarqandda bir necha yil davomida davolangan echkemar o‘z tabiiy yashash muhitiga qaytarildi.

Samarqand viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bir necha yil avval Nurobod tumanining dasht hududida yarador holatda mahalliy aholi xonadonlaridan biriga kirib qolgan bo‘z echkemar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi nazorati ostida reabilitatsiya markaziga olib kelinib, davolash va parvarish qilindi.

Mutaxassislarning sa’y-harakatlari natijasida bo‘z echkemarning salomatligi to‘liq tiklandi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ushbu noyob jonivor o‘zining tabiiy yashash muhiti – Nurobod tumani hududidagi Qarnob cho‘liga qo‘yib yuborildi.

Bo‘z echkemarlar O‘zbekistonda kam uchraydigan va muhofazaga muhtoj turlar sirasiga kiradi. So‘nggi yillarda reabilitatsiya qilingan bir nechta bo‘z echkemarni yovvoyi tabiatga qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bo‘z echkemarlar tabiatan kam sonli tur hisoblanadi. 1990-yillar boshlarida ularning umumiy soni taxminan 45 ming boshni tashkil etgan bo‘lsa, Farg‘ona vodiysidagi populyatsiya atigi 200 taga yaqin bo‘lgan. Turli hududlardagi zichligi boshpana joylari va ozuqa bazasining mavjudligiga bog‘liq. Hozirga kelib esa ularning aksariyat yashash joylarida bu tur deyarli yo‘qolib ketgan, saqlanib qolgan hududlarda esa juda kam sonlarda uchramoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bo‘z echkemarni tabiiy yashash muhitiga qaytarish kabi tadbirlar noyob turning populyatsiyasini saqlab qolish va biologik xilma-xillikni asrashda muhim ahamiyatga ega.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.