Samarqandda aholi topib olgan 17 ta ilon tabiiy muhitga qaytarildi

Samarqandda aholi topib olgan 17 ta ilon tabiiy muhitga qaytarildi
Samarqand viloyati Nurobod tumanining tog‘li hududlarida aholi tomonidan topilgan 17 ta ilon mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, yana tabiiy muhitga qo‘yib yuborildi. Ularning 16 tasi O‘rta Osiyo kapcha iloni, 1 tasi esa gurzi edi.
Ilonlar turli sabablar bilan aholi yashash joylariga kirib qolgan, ayrimlari esa kasallangan yoki shikastlangan holatda mahalliy aholi qo‘liga tushgan. Keyin ular Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasiga topshirilgan.
Mutaxassislar yovvoyi hayvonlarni maxsus tekshiruvdan o‘tkazib, ularning tabiiy muhitda yashashga yaroqli ekanini aniqlagan. Shundan so‘ng ilonlar Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘ining yuqori tog‘li qismiga olib borilib, inson ta’siridan xoli hududga qo‘yib yuborilgan.
Mutaxassislar yovvoyi hayvonlarni asrash va ularni asossiz yo‘q qilishning oldini olish muhimligini ta’kidlagan.

