Samarqandda 250 mlrd so‘mlik kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

Samarqandda 250 mlrd so‘mlik kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Samarqand viloyatida kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangan to‘rtta guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar davomida jami 7 nafar shaxs ushlanib, ulardan noutbuklar, telefonlar va boshqa shaxslarga tegishli bank kartalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Samarqand shahrida 1999 va 2008-yillarda tug‘ilgan ikki shaxs ijaraga olingan xonadonda maxsus dasturiy vositalar va qo‘shimcha qurilmalar yordamida kriptoaktivlar bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirib kelgani aniqlandi. Ular umumiy qiymati 6 mlrd 994 mln 230 ming so‘mlik kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olgan, o‘tkazgan va ayirboshlagan.
Keyingi tadbirda Samarqand shahrida 2002-yilda tug‘ilgan fuqaroning mobil qurilmalari orqali kriptoaktivlar bilan noqonuniy operatsiyalar amalga oshirilgani fosh etildi. U turli platformalarda 14 725 ta tranzaksiyani amalga oshirib, umumiy qiymati 174 mlrd 554 mln 196 ming so‘mlik kriptoaktivlarni noqonuniy tarzda olgan, o‘tkazgan va ayirboshlagan.
Kattaqo‘rg‘on shahrida esa 1995-yilda tug‘ilgan ikki shaxsning 2026-yil yanvaridan buyon umumiy qiymati 64 mlrd 367 mln 757 ming so‘mlik kriptoaktivlar bilan qonunga xilof operatsiyalarni amalga oshirib kelgani aniqlandi.
Ishtixon tumanida 2006-yilda tug‘ilgan yana ikki shaxsning 2026-yil aprelidan buyon 5 mlrd 78 mln so‘mlik kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangani fosh etildi.
Tezkor tadbirlar davomida 5 dona noutbuk, 45 dona telefon va boshqa shaxslarga tegishli 186 dona bank plastik kartasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy operatsiyalarning umumiy qiymati 250 mlrd 994 mln 598 ming so‘mni tashkil etgan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-prim 8-moddasi tegishli qismlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

