Samarqand viloyati hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi turkiyalik investorlarga beriladi

Samarqand viloyati elektr tarmoqlari boshqaruvi Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasiga o‘tkaziladi. Bu masala 13-avgust kuni Prezidentga yoqilg‘i-energetika resurslari bo‘yicha taqdimotda muhokama qilingan.
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda birinchi marta elektr taqsimlash tarmoqlari xususiy sektor boshqaruviga investitsiya kiritish sharti bilan berilmoqda. Samarqand viloyatida o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga ko‘ra, Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi g‘olib deb topilgan.
Vazir "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi: "Kompaniya Samarqand viloyatida mavjud tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish va yangilarini qurish loyihasini amalga oshiradi. Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida turk kompaniyasi o‘zining Turkiyada va xorijiy mamlakatlarda erishgan yutuqlari va tajribasi bilan keladi. Samarqand hududiy elektr tarmoqlarining barcha ishchi-xodimlari turk kompaniyasiga ishga qabul qilinadi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, chet eldan faqat 10-15 nafar mutaxassis keladi, qolgan barchasi respublikadagi mutaxassislar bilan amalga oshiriladi."
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Prezident Samarqand tajribasidan kelib chiqib, qolgan hududlarda ham shunday ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan. Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritish jarayonida tarmoqlarni qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilishda kamida 90 foiz mahsulotlarni ichki bozordan, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilishi ko‘zda tutilgan.
2024-yil avgust oyida O‘zbekistonda hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xususiy sektorga berish boshlanishi e’lon qilingan edi. Bu dastlab Samarqand viloyatida, keyin Jizzax va Sirdaryoda amalga oshirilishi aytilgan. Samarqandda elektr taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektor boshqaruviga investitsiya kiritish sharti bilan berish bo‘yicha xalqaro tenderda Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi g‘olib deb topilgan va 2025-yil noyabrida kompaniyaga g‘oliblik taqdimnomasi topshirilgan edi.

