Samarqand markazini “Shirin” massivi bilan bogʻlovchi zamonaviy koʻprik qurilmoqda
Koʻprikning uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metr, balandligi esa 2 metrni tashkil etadi. U yangi barpo etilayotgan “Shirin” massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bogʻlaydi.

Samarqand markazini “Shirin” massivi bilan bogʻlaydigan zamonaviy koʻprik bunyod etilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Qoradaryo ustidan qurilayotgan koʻprik ishlari bilan tanishdi.
Ushbu yirik inshoot transport oqimini samarali yoʻlga qoʻyish, harakat xavfsizligini taʼminlash va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida barpo etilmoqda. Koʻprik yangi qurilayotgan “Shirin” massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bogʻlaydi.
Loyiha qiymati 310 milliard soʻm boʻlgan koʻprikning uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metr, balandligi esa 2 metrni tashkil etadi. Qatnov qismi 4 tasma boʻlib, u kuniga 25 mingtagacha transport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi.
Yangi obyekt ishga tushirilgach, Shirin shaharchasidan markazgacha masofa 23 kilometrdan 4 kilometrga tushadi, yoʻlga ketadigan vaqt esa 30 daqiqaga qisqaradi.
Davlat rahbariga loyihaning texnik yechimlari va transport oqimini boshqarish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Shu yerda faollar bilan suhbat ham boʻlib oʻtdi.
– 2016-yilda Oʻzbekistonga bor-yoʻgʻi 1 million 200 ming turist kelardi. Hozir Samarqandning oʻziga bir yilda 5 million sayyoh tashrif buyurdi. Qachon biz bunday natijalarni tasavvur qilardik? Albatta, bugun dunyo raqobat asosida rivojlanmoqda. Biz ham bu raqobatda oʻz oʻrnimizni mustahkamlashimiz kerak.
Loyihalarni toʻgʻri ishlab chiqsak, logistikani oqilona tashkil etsak, xarajatlarni kamaytiramiz, odamlarimizning uzogʻini yaqin qilamiz. Axir bu shahar odamlar uchun-ku!
Mana shu koʻprik mening orzularimdan biri edi. Bugun bu orzu roʻyobga chiqdi, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev shahar odamlar uchun xizmat qilishi kerakligi haqidagi fikrini davom ettirib, har bir insonning xalq va yurt oldidagi masʼuliyatiga ham toʻxtaldi.
– Men kechagi nutqimda ham “oʻz”, “oʻzimiz”, “oʻzligimiz”, “oʻzimizniki” degan soʻzlarga qayta-qayta urgʻu berdim. “Men oʻzbekistonlikman, xalqim uchun harakat qilaman, xalqim uchun oʻqiyman, ertangi kunim uchun izlanaman” degan gʻoyalar ruhida yashashimiz kerak.

