Saida Mirziyoyeva Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

Saida Mirziyoyeva Oʻzbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xalqqa tabrik yoʻlladi. Tabrikda Mustaqillik kuni soʻnggi yillarda tubdan yangilanib, izchil rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston uchun muhim sana ekani qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tadbiridagi nutqida mamlakat taraqqiyotining kelgusi oʻn yilligi “Milliy yuksalish davri” deb eʼlon qilinganini eslatgan.
“Oldinda keng koʻlamli milliy dasturlar ijrosi, katta vazifalar turibdi: bilim va koʻnikmalarni amaliy kapitalga aylantirish, aholi salomatligi hamda uzoq umr koʻrishini taʻminlash, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish, suv resurslarini har tomonlama tejash va atrof-muhitni asrash, qonun ustuvorligini toʻliq kafolatlash, mahalla institutini mustahkamlash hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʻtiborini yanada yuksaltirish shular jumlasidandir. Bayraming muborak boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim”, deyiladi tabrikda.
Maʻlumot uchun, 28-avgust kuni Yangi Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat rahbari 1991-yilda xalqning xohish-irodasi va qatʻiyati bilan davlat mustaqilligi qoʻlga kiritilganini taʻkidladi. Vatan ozodligi va milliy istiqlol yoʻlida jonini fido qilgan jadid bobolarning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi Oʻzbekistonda toʻliq roʻyobga chiqayotganini aytdi.

