Saida Mirziyoyeva BMT qarorgohida Antoniu Guterrish bilan uchrashdi
Muloqotda o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi

Saida Mirziyoyeva BMT qarorgohida Antoniu Guterrish bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Xalqaro munosabatlar tizimi uchun murakkab bo‘lgan hozirgi davrda global miqyosda yetakchilik salohiyatini namoyon etayotgani hamda xavfsizlikning barcha asosiy jabhalarida mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun janob Guterrishga samimiy minnatdorlik bildiraman»,
— dedi Saida Mirziyoyeva.
Mamlakatimiz va BMT institutlari o‘rtasidagi aloqalar bugun aniq natijalar bilan mustahkamlanib bormoqda.
Ayni paytda tashkilot tuzilmalari ishtirokida yurtimizda umumiy qiymati 293 million dollarlik 166 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Bu dasturlar sog‘liqni saqlash, sifatli ta’lim, kambag‘allikni qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi eng muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Prezident administratsiyasi rahbarining Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi O‘zbekistonning BMT maydonida dunyo miqyosidagi dolzarb chaqiriqlarga yangicha g‘oyalar bilan javob berish, global muammolarga amaliy yechim topish borasidagi qat’iy intilishini ko‘rsatadi.

