Dunyo

Sadir Japarov energetik ichimliklarni taqiqlashni taklif qildi

Ichimliklarni ishlab chiqarish va ularning import masalasi koʻrib chiqiladi. Qirgʻizistonda bir yilda 129 mln banka energetik ichimlik isteʻmol qilingan.

**Sadir Japarov energetik ichimliklarni taqiqlashni taklif qildi**

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov energetik ichimliklar ishlab chiqarish hamda ularning importini taqiqlash tashabbusini ilgari surdi.

“Vazirlar mahkamasiga bir oy ichida energetik ichimliklar ishlab chiqarish va import qilishni taqiqlashni ko‘rib chiqish, olti oy ichida esa qonunchilik doirasida tegishli tartibga solish choralarini ko‘rishni topshiraman”, dedi Japarov.

Prezident energetik ichimliklar iste’moli bo‘yicha ham ma’lumotlarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda energetik ichimliklar iste’moli 54 million 199 ming litrni, ya’ni taxminan 129 million bankani tashkil etgan. 2026-yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 36 million 83 ming litrga yoki qariyb 85 million 900 ming bankaga teng bo‘lgan.

2025-yilda Qirg‘izistonda 25 million 263 ming litr energetik ichimlik ishlab chiqarilgan. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlardan 28 mln 430 ming litr, uchinchi davlatlardan esa 1 mln 239 ming litr import qilingan.

“Ushbu ichimliklar asta-sekin qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin. Ularni iste’mol qilish odatga aylanib, odam keyinchalik undan voz kecha olmay qoladi. Nafaqat kasalliklarning oqibatlariga qarshi kurashish, balki ularning oldini olish va kompleks tezkor choralar ko‘rish vaqti keldi, deb hisoblayman”, dedi Japarov.

Qirg‘izistonda energetik ichimliklar ishlab chiqarish yoki ularni mamlakatga olib kirish taqiqlansa, respublika byudjeti bevosita va bilvosita soliqlardan taxminan 1,5 milliard som (17,15 million dollar) daromaddan mahrum bo‘lishi mumkin.

“Millat, fuqarolar va kelajak avlodlar salomatligi pul bilan o‘lchanmasligi kerak”, dedi Sadir Japarov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.