Ruminiya Elchisining diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabriknomasi
Ruminiya va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligi munosabati bilan Ruminiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Janobi Oliylari Daniel Kristian Chobanu Oʻzbekiston xalqiga quyidagi tabrikni yoʻllaydi: 2026 yil 6 oktyabr kuni Ruminiya va Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligini nishonlamoqda. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan mening samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz! Sizga farovonlik, sermahsul rivojlanish va oʻzaro manfaatli […]

**Ruminiya Elchisining diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrik murojaati**
Ruminiya va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligi munosabati bilan Ruminiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Janobi Oliylari Daniel Kristian Chobanu Oʻzbekiston xalqiga quyidagi tabrikni yoʻllaydi:
2026 yil 6 oktyabr kuni Ruminiya va Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 31 yilligini nishonlamoqda. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan mening samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz! Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning gullab-yashnashini, sermahsul rivojlanishini va mustahkamlanishini tilayman!
Ruminiya Oʻzbekiston bilan munosabatlarini yuqori baholaydi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi muloqot hamda hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid qiladi. Oʻzbekiston Ruminiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkoridir. Ruminiya Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni, shuningdek, mintaqaviy barqarorlikka va mintaqalarimiz oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan, oʻzaro manfaatli yangi loyihalarni ilgari surishni faol qoʻllab-quvvatlaydi.
2020–2025 yillar davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 377 foizdan koʻproqqa oshgani (Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra) va 2025 yil oʻzaro savdo qiymati nuqtai nazaridan Ruminiya-Oʻzbekiston munosabatlari tarixidagi eng yaxshi yillardan biri boʻlganidan mamnunligimni bildiraman. 2025 yil 27 noyabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri va men tomonimdan Ruminiya Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida avtomobil yoʻllarida tranzit tashish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga (Buxarest, 1996 yil 6 iyun) oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomaning imzolanishi muhim voqea boʻldi. Bundan tashqari, Ruminiya va Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi sohasida ham hamkorlikni mustahkamlamoqda, bunga 2026 yil 30 sentyabrda Toshkent shahrida Ruminiya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi va «Oʻzaviatsiya» agentligi oʻrtasida imzolangan Oʻzaro tushunish memorandumi dalildir.
Munosabatlarimizdagi alohida voqea 2026 yil mart oyida Ruminiya va Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirliklari yoʻnalishi boʻyicha videokonferentsiya shaklida birinchi ikki tomonlama konsullik maslahatlashuvlarining oʻtkazilishi boʻldi. Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlament aʼzolarining XII Butunjahon konferentsiyasida ishtirok etish uchun 2026 yil sentyabr oyida senator Yelena-Adelina Dobraning Oʻzbekistonga tashrifi parlament sohasidagi hamkorlikning muhim elementi boʻldi.
Madaniy-gumanitar soha koʻplab qoʻshma yutuqlarga boy. Ruminiya taʼlim vazirining 2025 yil oktyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifini va Ruminiya delegatsiyasining Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferentsiyasining 43-sessiyasidagi muvaffaqiyatli ishtirokini taʼkidlash lozim. 2026 yil mart oyida Ruminiya Elchixonasi Toshkentda bahor boshlanishini nishonlash munosabati bilan Ruminiya milliy anʼanalarini taqdim etishga qaratilgan ijodiy mahorat darsini tashkil etdi, may oyida esa XXII Xalqaro xayriya madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali doirasida Ruminiya pazandachilik sanʼatini namoyish etdi. Shuningdek, 2026 yil mart oyida Oʻzbekiston poytaxtida shoir Gerasim Lukaga bagʻishlangan Ruminiya-Frantsiya sheriyat kechasi boʻlib oʻtdi. 2026 yil aprel oyida Toshkentda ikkita yorqin tadbir boʻlib oʻtdi: «Tirgu-Jiudagi “Qahramonlar yoʻli” monumental ansambli. Konstantin Brinkushi (1876–1957) tavalludining 150 yilligiga ehtirom» fotokoʻrgazmasi va «Jordje Enesku Frantsiyada» nomli fotokoʻrgazma. 2026 yil may oyida «Jazzappella» vokal ansambli Toshkentdagi Xalqaro jaz festivalida Ruminiyani taqdim etdi. Ruminiya vakillari «Toshkent bahori» xalqaro opera va balet festivalida hamda Margʻilondagi «Atlas bayrami» xalqaro festivalida ishtirok etishdi. Joriy yilda Oʻzbekiston Ruminiyaning ommabop «Aziya Ekspress – Ipak yoʻli» telekoʻrsatuvining toʻqqizinchi mavsumini suratga olish joylaridan biriga aylanganidan ham juda mamnunman. Oʻzbekistonda suratga olingan epizodlar 2026 yil sentyabr oyida Ruminiyada efirga uzatildi va Oʻzbekistonning goʻzal shaharlarini, uning boy madaniy merosini va odamlarning samimiy mehmondoʻstligini namoyish etdi. Ikki tomonlama madaniy almashinuv Ruminiyada ham rivojlandi: aprel oyida Konstantsa shahrida «Oʻzbekiston miniatyurasi: Anʼana va Zamonaviylik» koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, sentyabr oyida esa Oʻzbekistonning «Buxorcha» vokal-raqs ansambli artistlari Buxarestda milliy raqslar bilan chiqish qilishdi.
Men kelajakka katta optimizm bilan qarayman. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan taʼsis etilgan «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlanish shaxsan men uchun yuksak sharaf boʻldi. Ushbu mukofotni yuksak ishonch ifodasi va bundan keyingi sermahsul hamkorlik uchun salmoqli ragʻbat sifatida baholayman. Oʻzbekiston tomoniga sermahsul hamkorlik uchun samimiy minnatdorchiligimni va chuqur ehtiromimni bildiraman!

