Rostov viloyatida Oʻzbekiston bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston va Rostov viloyati savdo-iqtisodiy hamkorlik, mehnat mobilligi hamda Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qildi.

Rostov viloyatida Oʻzbekiston bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Rostov viloyatida Oʻzbekiston bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, mehnat mobilligi va Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalariga bagʻishlangan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Ishchi tashrif doirasida Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, Rossiya va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat mobilligi va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Rossiya Ichki ishlar vazirligining Rostov viloyati boʻyicha Bosh boshqarmasi rahbariyati ishtirokida alohida ishchi yigʻilish oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Unda Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan mehnat patentlarini olish tartib-taomillarini soddalashtirish bilan bogʻliq masalalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar 2027 yil mart oyida Rostov viloyati delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalasini muhokama qildilar. Rossiya tomoni delegatsiya tarkibiga viloyatdagi bir qator sanoat korxonalari vakillari kiritilishidan manfaatdor ekanini bildirdi. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari Rostov viloyatidagi Inson huquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman) Aleksey Xarkovskiy bilan uchrashuvda koʻrib chiqildi. Tomonlar Vakil apparatining biriktirilgan xodimi ishtirokida Oʻzbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan korxona va obʼyektlarga qoʻshma chiqishlarni tashkil etishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, «SSK AVAKON» MCHJda ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Korxonada 100 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Asosiy eʼtibor konsullik-huquqiy himoya, xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlariga rioya qilinishi, shuningdek, migratsiya va mehnat qonunchiligi masalalariga qaratildi.
Fuqarolarga zarur tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.
Oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunlari boʻyicha tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, uyushqoqlik bilan tashkil etilgan mehnat mobilligini takomillashtirish hamda Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini izchil himoya qilish boʻyicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

