Mahalliy

Rossiya—Ukraina urushidan qochib, simto‘siq ostidan O‘zbekistonga qaytgan samarqandlik erkak 5,5 yilga qamaldi

Rossiya-Ukraina urushidan qochib, simto‘siq ostidan O‘zbekistonga qaytgan samarqandlik erkak 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda "Daryo" nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 1988-yilda Nurobod tumanida tug‘ilgan M.B. 2020-yil noyabr oyida Moskvaga ishlash maqsadida borib, taksichilik bilan shug‘ullangan. 2021-yil 2-mart kuni u tojikistonlik tanishi D.S.ni Stupino tumanidan olib ketayotganida, yo‘lda politsiya xodimlari ularni to‘xtatib, mashinani tekshirishgan. Tekshiruv davomida avtomobilning orqa o‘rindig‘i ostidan 109 gramm geroin topilgan.

M.B. giyohvand modda sherigiga tegishli ekanligini aytganiga qaramay, Moskva viloyatining Kashira tuman sudining 2022-yil 6-maydagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U 2024-yil apreligacha Sverdlovsk viloyatining Novaya Lyalya shahridagi koloniyada, so‘ngra sentyabrgacha Yekaterinburgdagi jazoni ijro etish muassasasida saqlangan.

M.B.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, qamoqning dastlabki yilida mahkumlarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lingan. Biroq, urush kuchaygach, bosimlar ortib borgan. Unga ko‘ra, Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushda qatnashganlarga jazodan shartli ravishda ozod qilish taklif qilingan. Uzoq muddatli bosimlardan so‘ng, M.B. bu taklifga rozi bo‘lib, 2024-yil 15-sentyabrda harbiy xizmat bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Shartnoma imzolangach, M.B. boshqa mahkumlar bilan birga harbiy samolyotda Rostov viloyatiga, u yerdan esa Luganskdagi "Shaxta" hududiga olib borilgan. Ular Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda 14 kunlik tayyorgarlikdan o‘tgach, "UAZ" avtomobillarida jang ketayotgan hududga yuborilgan.

"Jang paytida mina portlab, og‘ir yaralandim. Meni evakuatsiya qilishib, Donetskdagi harbiy gospitalga olib borishdi. U yerda 2024-yil 8-dekabr kunigacha davolanib, fursat bo‘lgach, taksi orqali qochdim", deydi sudlanuvchi.

Shundan so‘ng u Tamara ismli ayol bilan bog‘lanib, urush maydonidan qochganini va O‘zbekistonga qaytgunicha uning uyida yashab turishni so‘ragan. Ayol rozi bo‘lgach, 2025-yil apreligacha uning xonadonida yashiringan va O‘zbekistonga qaytish yo‘lini izlagan. Shu orada u o‘zini "Ded" deb tanishtirgan qozog‘istonlik erkak bilan tanishib, u bilan Rossiyadan Qozog‘istonga o‘tkazib qo‘yish bo‘yicha 1,8 ming dollarga kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, Maham ismli shaxs va bir cho‘pon uni Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi simto‘siq ostidan Qozog‘iston hududiga o‘tkazgan. U yerdan Jizzax viloyati hududidagi davlat chegarasini nazorat-o‘tkazish punktidan tashqari joyda kesib o‘tib, simto‘siq ostidan O‘zbekistonga kirgan. Bu yerda uni akasi kutib olib, Parkent tumanida yashovchi opasining uyiga olib borgan.

O‘zbekistonga qaytganidan keyin M.B. bir necha shaxsning chegarani noqonuniy kesib o‘tishiga yordam berish bilan bog‘liq harakatlarni sodir etgan.

M.B. yana bir fuqaroga O‘zbekistondan noqonuniy ravishda olib chiqib, Rossiyaga o‘tishiga yordam berishga va’da qilib, undan 2 ming dollar so‘ragan. Ikkovlon Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida, "Dinamo" sport majmuasi yaqinida uchrashishga kelishgan.

6-fevral kuni soat 18:00 atrofida M.B. 2 ming dollarni olib, kurtkasining cho‘ntagiga solgan paytda DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi hukmi bilan M.B. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish), 25, 168-moddasi 2-qismi "b" bandi (firibgarlik), 223-moddasi 2-qismi "b" bandi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 25, 223-moddasi 2-qismi "b,v" bandlari bilan aybli deb topilgan. Jinoyatlar majmui bo‘yicha tayinlangan jazolar qisman qo‘shilib, unga uzil-kesil 5 yil 6 oylik qamoq jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.

Avvalroq, Rossiyada 9 yilga qamalib, Ukrainadagi urushga jalb qilingan va harbiy poligondan qochgan 22 yoshli andijonlik yigitga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani xabar qilingandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.