Rossiyaning Kiyevga hujumida besh kishi halok boʻldi (video)

Rossiyaning Kiyevga uyushtirgan hujumida besh kishi halok boʻldi (video)
Rossiya Kiyevning Solomyanskiy tumanidagi ofis binosiga dron bilan zarba berdi. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichkoga koʻra, hujum oqibatida kamida toʻrt kishi halok boʻlgan.
Dron kelib tushgan ofis binosi yonidagi avtoturargohdan kamida uch kishining jasadi topilgan. Klichkoning aytishicha, yana yetti kishi, jumladan bir bola jarohat olgan. Binoning fasadi zarar koʻrgan, derazalari singan.
Bundan tashqari, Solomyanskiy tumanidagi tibbiyot muassasalaridan biri ham shikastlangan. Uning yaqinida boʻlgan uch kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, hujum oqibatida DataGroup provayderining maʼlumotlarni qayta ishlash markazi ham zarar koʻrgan. Kompaniya xodimlar orasida jabrlanganlar yoʻqligini maʼlum qildi. Mijozlar maʼlumotlari saqlanib qolgani, barcha xizmatlar esa zaxira markazlari orqali ishlashda davom etayotgani aytildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qoʻshinlari kun davomida McDonaldʼs foydalanadigan omborga ham dron bilan zarba berganini aytdi.
“Jangovar dron — oddiy oziq-ovqat mahsulotlariga qarshi. Rossiya eskalatsiyani muntazam kengaytirmoqda: Amerika va boshqa mamlakatlarning bizneslari, maʼlumotlar markazi, internet provayderlari — kundalik hayotning oʻzi Rossiya uchun nishonga aylandi”, deb yozdi Zelenskiy.
Klichkoning aniqlik kiritishicha, 25-sentyabr kuni Kiyev boʻylab uyushtirilgan Rossiya hujumlari oqibatida jami besh kishi halok boʻlgan, yana 31 kishi jarohatlangan. Ulardan 15 nafari shifoxonada. Jabrlanganlar orasida ikki bola bor.

