Rossiyalik reper Jigan xizmatkor va qo‘riqchilariga o‘q uzib, ularni garovda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi (video)

Rossiyalik reper Jigan xizmatkor va qo‘riqchilariga o‘q uzib, ularni garovda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi (video)
Mashhur rossiyalik reper Jigan (asl ismi Denis Ustimenko-Vaynshteyn) Moskva viloyatidagi uyida qo‘riqchilar va xizmatkorlarga qarata o‘q uzgan. Bu hodisa iyul oyining boshlarida yuz bergan bo‘lsa-da, faqat endigina ma’lum bo‘ldi.
Mash nashri yozishicha, reper o‘z xodimlarini bir necha soat davomida garovda ushlab turgan — bularning barchasi bolalar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Aniqlik kiritilishicha, u o‘zida bo‘lmagan holatda “Sayga-9” karabini bilan qurollanib, Rembo uslubida kiyinib, xodimlarni mehmonxonaga chaqirgan va ularni jinoyatlarda ayblab, jonlarini saqlab qolish uchun hammasiga iqror bo‘lishni talab qilgan.
Ustimenko-Vaynshteyn xuruj paytida ularning barchasini dushman deb bilgan, qo‘riqchilardan birini esa hatto pedofillikda ayblagan. U erkakning boshiga qurol tirab, buni tasdiqlashga majbur qilgan va tasdiq javobini olgach, qochishga urinib ko‘rishi uchun unga atigi besh soniya bergan. Belgilangan vaqt tugagach, u o‘q uzib, jabrlanuvchining qo‘li hamda oyog‘iga jarohat yetkazgan. Qolganlarni esa xoinlar deb atagan.
Bolalari shkafga yashirinib olgan
Qiynoq 10 soat davom etgan. Shu vaqt ichida reper va bloger Oksana Samoylovaning farzandlari shkaflarga yashirinib, onalariga bo‘layotgan voqeani xabar qilishgan. U o‘sha paytda Milanda bo‘lgan, biroq zudlik bilan Moskvaga uchib kelgan. Keyinroq jurnalistlar bilan suhbatda u bu voqeani tasdiqlagan.
Shubhali holatni sezgan qo‘shnilar Jiganni tinchlantirish uchun voqea joyiga politsiya, qo‘riqchilar va reperning do‘stlarini chaqirishgan. Ammo artist o‘ziga kelishni xayoliga ham keltirmagan va unga yaqinlashishga uringan har bir kishiga hujum qilgan.
Natijada uni ushlab, qo‘llarini qayirib, Isroilning eng qimmat reabilitatsiya markazlaridan biriga yuborishgan.
Jigan qurolli mojaro ortidan Isroildagi 5 million rubl (60 ming dollar)lik VIP rehabda uch oylik davolanishdan o‘tmoqda. Uning telefoni muntazam tekshirib turiladi va hatto zalga shug‘ullanish uchun ham uni yolg‘iz yuborishmaydi.
Dastlabki haftalarda bemor uxlatuvchi dorilar va antipsixotiklarni qabul qilib, detoksdan o‘tgan. Keyin u ko‘p tarmoqli terapiya — psixiatrlar ishtirokidagi guruhli va yakkama-yakka mashg‘ulotlarga borgan. Mutaxassislar uning xatti-harakatlari sabablarini aniqlamoqda.
Shu bilan birga, terapiyadan tashqari, artist tez-tez bo‘lmasa ham, ko‘ngilochar tadbirlarga ham borib turadi. Ular orasida Quddusga sayohat va O‘lik dengiz bo‘ylab ekskursiyalar bor. Shuningdek, u sport bilan shug‘ullanadi, unga maxsus shef-povar ovqat tayyorlaydi. Xohishiga ko‘ra, uning ixtiyorida oziq-ovqatga to‘la uchta muzlatkich ham mavjud.
Jiganning telefoni muntazam ravishda tekshirib turiladi, reperga doim kimdir hamrohlik qiladi. Unga har hafta oilasi bilan ko‘rishishga ruxsat berilgan, ammo ular reabilitatsiya markaziga hozircha borishmagan. Aniqlik kiritilishicha, reperning qarindoshlari ham psixologlar bilan ishlashmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Jigan o‘z xodimini sababini tushuntirmasdan SMS orqali bir kunning o‘zidayoq ishdan bo‘shatib yuborishi mumkin edi. U ko‘pincha xodimlarni kamsitar, ularni so‘kib, jazolash bilan tahdid qilardi.
Tajovuzkorlik xurujlaridan birida u bolalarining sevimli enagasini ishdan bo‘shatib, unga boshqa kelmasligi haqida xabar yozgan. Odatda bunday holat uning sobiq rafiqasi — Oksana Samoylova uydan ketganida sodir bo‘lgan. Uyga qaytganida esa ayol vaziyatga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasdi.
Jigan va Oksana Samoylova 2012-yil dekabrida turmush qurgan. Nikoh davomida to‘rt farzand — Ariela, Leiya, Maya va David dunyoga kelgan. Ularning turmushi davomida bir necha bor jiddiy inqirozlarni boshdan kechirgan. Xususan, 2020-yilda Jigan reabilitatsiya markazida davolangan, shundan keyin er-xotin munosabatlarini tiklashga uringan.
2025-yilda Samoylova ajrashish uchun ariza bergan. 2026-yil 1-aprelda nikoh rasman bekor qilingan. Farzandlar Samoylova bilan qolgan. Biroq ajrashgandan keyin ham Jigan bolalari bilan aloqani davom ettirgan.
Rafiqasi bilan ajrashgandan keyin Jiganning xulq-atvori bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgan. San’atkor ilgari uning xatti-harakatlarini qandaydir tarzda jilovlay olgan rafiqasining nazoratisiz qolgan.

