Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan oʻzbekistonliklar soni 13 foizga kamaydi
2026-yilning birinchi yarmida Rossiyada mehnat faoliyatini olib borgan oʻzbekistonliklar soni 1,18 mln nafarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foiz kam, deyiladi Oʻzbekiston Markaziy banki sharhida. Turkiya va Yevropaning boshqa davlatlariga migrantlar oqimining sezilarli oʻsishi kuzatilmoqda. Yarim yilda Oʻzbekistonga 5,5 mlrd dollar (+13,1%) pul oʻtkazmalari kelib tushgan.

Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan oʻzbekistonliklar soni 13 foizga kamaydi
Oʻzbekiston Markaziy banki 2026-yil II chorak uchun mehnat bozori sharhini eʼlon qildi. Unda tashqi mehnat migratsiyasidagi tendensiyalar ham bayon etilgan.
Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar-iyun oylarida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 1,18 mln nafarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga kam. Patent asosida ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni ham 9,2 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, oʻzbekistonlik mehnat migrantlari uchun boshqa yoʻnalishlarning ahamiyati ortib bormoqda. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa va AQShdagi oʻzbekistonliklar soni soʻnggi yillarda sezilarli darajada oshgan.
Migrantlar oqimining yuqori oʻsishi asosan Yevropa va Turkiya hissasiga toʻgʻri kelgan. 2025-yilda Yevropa Ittifoqidagi oʻzbekistonlik migrantlar soni 13,2 foizga, Turkiyada esa 10,7 foizga koʻpaygan. 2026-yil 1-iyul holatiga Turkiyadagi oʻzbekistonliklar soni 70 ming nafarni (9,3 foiz oʻsish) tashkil etgan, Janubiy Koreyadagilar soni esa 102,2 ming nafarga (3,3 foiz oʻsish) yetgan.
Migrantlar yuborayotgan pul oʻtkazmalari ham oʻsishda davom etgan. 2027-yil I choragida pul oʻtkazmalari 3,8 mlrd dollarni tashkil etib, yillik hisobda 12,9 foizga oshgan. II chorakda esa bu koʻrsatkich 5,5 mlrd dollarga yetib, oʻsish surʼati 13,1 foizni tashkil qilgan.
Pul oʻtkazmalari geografiyasi ham kengaymoqda. Yanvar-iyun oylarida Qozogʻistondan kelgan pul oʻtkazmalari 28,2 foizga, AQShdan 18,8 foizga, Turkiyadan 14,2 foizga va Janubiy Koreyadan 11,4 foizga oshgan. Rossiyadan kelayotgan pul oʻtkazmalari esa 8,8 foizga koʻpaygan.
Eslatib oʻtamiz, 2026-yilning birinchi choragida umumiy pul oʻtkazmalari tarkibida Rossiyadan joʻnatilgan mablagʻlar ulushi bir yil oldingiga nisbatan 5,2 punktga pasayib, 72,4 foizga tushgandi.

