Dunyo

Rossiyadan uchib ketish arafasida yapon jurnalisti josuslik gumoni bilan ushlandi

Rossiyaning Saxalin viloyatida Yaponiyaning Hokkaido Shimbun gazetasi muxbiri Imai Yuki josuslik gumoni bilan ushlandi. Rossiya OAV maʼlumotiga koʻra, u mamlakatdan uchib ketish arafasida qoʻlga olinib, Moskvaga olib kelingan. Sud jurnalistni kamida ikki oyga qamoqqa olgan.

Rossiyadan uchib ketish arafasida yapon jurnalisti josuslik gumoni bilan qoʻlga olindi

DW xabariga koʻra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 13-oktabr kuni jurnalist Federal xavfsizlik xizmati — FXX tomonidan ushlanganini maʼlum qilgan. Imai Yuki Rossiya TIV akkreditatsiyasiga ega boʻlgan.

«Interfaks» huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib, shu kuni Moskvaning Lefortovo sudi muxbirga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qoʻllaganini xabar qilgan. Uning «Lefortovo» tergov hibsxonasida saqlanishi kutilmoqda.

FXX talqiniga koʻra, jurnalist Rossiya mudofaa qobiliyatiga aloqador maʼlumotlarni Yaponiya razvedkasi topshirigʻi asosida toʻplagan va saqlagan. Rossiya maxsus xizmati bu maʼlumotlar mamlakat xavfsizligiga qarshi foydalanish uchun yetkazilishi koʻzlanganini daʼvo qilmoqda.

Xususan, FXX Imai Yuki Kuril orollarida Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilinganlar va koʻngillilar soni haqida maʼlumot toʻplagan deb hisoblamoqda.

Rossiya TIV esa Tokio Rossiyadagi xorijiy jurnalist maqomiga ega muxbiri orqali xavfsizlikka daxldor maʼlumotlarni olishga uringanini daʼvo qilgan. Keltirilgan xabarda Yaponiya tomoni yoki jurnalist tahririyatining ushbu gumonlarga munosabati berilmagan.

«Interfaks» maʼlumotiga koʻra, josuslik moddasi boʻyicha aybi isbotlansa, jurnalistga 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

«Ostorojno, novosti» Telegram kanali Imai Yuki kamida 2014-yildan buyon Rossiyaga kelib turgani va Sankt-Peterburg davlat universitetida oʻqiganini yozgan. Uning oʻsha davrdagi ijtimoiy tarmoq sahifalarida Rossiya teatrlari, muzeylari va konservatoriyalaridan olingan suratlar boʻlgan.

Muxbir Hokkaido Shimbun uchun Xabarovskda Yaponiya ustidan gʻalaba va Ikkinchi jahon urushi tugashiga bagʻishlangan yodgorlik ochilishi, Davlat dumasi saylovlari hamda Rossiya va Shimoliy Koreya munosabatlari haqida materiallar tayyorlagan.

Kanal maʼlumotiga koʻra, uning soʻnggi maqolasi 5-oktabr kuni chop etilgan. Yujno-Saxalinskdan tayyorlangan ushbu reportajda mintaqadagi Shimoliy Koreya fuqarolari haqida soʻz borgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.