Rossiyadan Oʻzbekistonga avtobusda qaytmoqchi boʻlgan yoʻlovchilar ogohlantirildi
Bildirilishicha, firibgarlar yoʻlovchilarga davlat tomonidan tashkil etilgan avtobuslarda Toshkentga joʻnatishlarini aytishadi. Soʻngra goʻyoki kassalarda chipta qolmaganligini aytib, aslida belgilangan narxdan bir necha barobar qimmatga chipta sotishadi, yoʻlovchilar esa noqonuniy faoliyat yurituvchi avtobuslarga chiqarib yuboriladi.

Rossiyadan Oʻzbekistonga avtobusda qaytmoqchi boʻlgan yoʻlovchilar ogohlantirildi
Transport vazirligi Rossiyaning Moskva shahridan Toshkentga avtobusda qaytishni rejalashtirgan yoʻlovchilarni firibgarlik holatlaridan ogohlantirdi.
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahridan Toshkentga «Uzautotrans Service» kompaniyasining avtobus qatnovlari orqali qaytishni istagan yoʻlovchilarning firibgarlar tuzogʻiga tushib qolayotgani bilan bogʻliq holatlar kuzatilayotgani aytildi.
Taʼkidlanishicha, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlar va YouTube kanallarida «Uzautotrans Service» kompaniyasi avtobuslarining foto hamda video tasvirlaridan foydalanib, qatnovlar haqidagi eʼlonlarni joylashtirmoqda. Ular yoʻlovchilarga davlat tomonidan tashkil etilgan «Uzautotrans Service» kompaniyasi avtobuslarida Toshkentga joʻnatishini aytishadi. Keyin esa goʻyoki kassalarda chipta qolmaganini va chiptalarni bevosita oʻzlaridan sotib olish kerakligini bildirib, aslida belgilangan narxdan bir necha barobar qimmatga chipta taklif qilishadi.
“Eng achinarlisi bir necha barobar qimmatga chipta sotib olgan yoʻlovchilar noqonuniy faoliyat yurituvchi avtobuslarga chiqarib yuborilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Maʼlumotga koʻra, «Uzautotrans Service» kompaniyasi qatnovlarni Moskva shahridagi «Novoyasenevskaya» hamda «Kotelniki» avtostansiyalaridan «Toshkent» avtovokzaliga dushanba va payshanba kunlari amalga oshiradi. Chiptalarni mazkur avtostansiyalarning kassalaridan, ularga tegishli mobil ilova va saytlar orqali onlayn tarzda xarid qilish mumkin.

