Dunyo

Rossiyadagi harbiy mavzudagi eng yirik telegram-kanal asoschisi Chernogoriyada qoʻlga olindi

U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida sanksiya ostida ekaniga qaramay, ushbu mamlakatga kira olgani bilan maqtanib, uning maʼlumotlarini tekshirmagan chegarachini haqoratlagandi.

Rossiyadagi harbiy mavzudagi eng yirik telegram-kanal asoschisi Chernogoriyada qoʻlga olindi

Chernogoriyada Rybar telegram-kanali asoschisi ushlangan.

Mixail Zvinchuk rafiqasi va kanalning uch nafar xodimi bilan birga 9-oktabr tongida Risan shahrida qoʻlga olingan. Mahalliy Vijesti nashriga koʻra, ular bilan birga «murakkab raqamli jihozlar», shuningdek, dronlar va «elektron qurilmalar» topilgan. Chernogoriya maxsus xizmatlari Zvinchuk va uning jamoasini bir necha kun davomida kuzatib borgan. OAV xabariga koʻra, bu operatsiya Rybar kanallari tarmogʻining «gibrid faoliyatini toʻxtatish»ga qaratilgan.

Zvinchukka qandaydir ayblov qoʻyilgani nomaʼlum.

Huquq-tartibot organlari bu holat yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Chernogoriya bosh vaziri Miloyko Spaich X ijtimoiy tarmogʻida hukumat «xavfsizlik xizmatlari vakolatida qolishi kerak boʻlgan maʼlumotni eʼlon qilish» niyatida emasligini bildirgan. «Ammo „Rybar“ axborot tarmogʻi rahbari qoʻlga olingan bugungi muvaffaqiyatli amaliyotdan keyingi xabar juda aniq: davlat institutlari oʻz vazifalarini bajarmoqda, Chernogoriya oʻz manfaatlarini himoya qilmoqda va hech kim bizning Yevropa kelajagimizni xavf ostiga qoʻya olmaydi», – deya yozgan u.

Rybar’dagilar jamoa aʼzolari qoʻlga olinganini tasdiqlagan.

Telegram-kanalda eʼlon qilingan postda qoʻlga olinganlarning barchasining Chernogoriyada boʻlishi qonuniy va rasmiy ekani taʼkidlangan. «Xususan, rasmiy soʻrov asosida Setinskiy monastirida tasvirga olish ishlari rejalashtirilgandi», – deyiladi xabarda. Shuningdek, qoʻlga olinganlar tomonidan «mahalliy qonunchilikni buzish holatlari boʻlmagani» qayd etilib, ular tez orada ozod etilishiga umid bildirilgan. Zvinchuk haqiqatan ham Chernogoriyaga oshkora tashrif buyurgan — shu kunlarda u u yerda olgan videosini RuTube’dagi kanaliga joylagan. Instagramdagi sahifasida esa Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Chernogoriya hukumati sanksiyalari ostida boʻlishiga qaramay, ushbu mamlakatga kira olgani haqida yozgan: «Siz har doim barcha choʻntaklarni kavlaydigan, lekin maʼlumotlar bazasiga qarashni unutadigan ahmoq chegarachiga duch kelishingiz mumkin».

Rossiya hukumati hibsga olinganlarga diplomatik yordam koʻrsatilishini vaʼda qilgan.

«Diplomatlarimiz hibsga olish sabablarini aniqlaydi va Rossiyaning har bir fuqarosi bilan boʻlgani kabi uning huquqlarini himoya qilish bilan ham shugʻullanadi», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari oʻrinbosari Dmitriy Medvedev esa rossiyaliklar Yevropa mamlakatlarida «bekorga izgʻib yurgani»ni aytdi va Rossiyada yevropaliklar va xorijliklarni «ayirboshlash fondi»ni shakllantirishga chaqirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.