“Rossiyada yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar hali to‘liq hal etilmagan” — Putin

**Putin: Rossiyada yonilg‘i muammolari to‘liq hal etilmagan, ammo hukumat nazoratda**
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yonilg‘i bozoridagi barcha muammolar hali to‘liq bartaraf etilmagan bo‘lsa-da, hukumat ularni hal qilish ustida faol ishlamoqda. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
“Vesti” axborot xizmatiga bergan intervyusida Putin hukumat vaziyatni nazorat ostida ushlab turganini va muammolarni hal etish uchun maxsus komissiya tuzilganini ta’kidladi. U shunday dedi: “Barcha masalalar hali to‘liq hal etilmadi, ammo ular hal qilinmoqda. Hukumat raisi bu masalalarni nazorat ostida ushlab turibdi. Maxsus komissiya ham tuzilgan. Albatta, odamlar uchun muayyan noqulayliklar bor, biroq hukumat, albatta, vaziyatni nazorat qilishi kerak”.
**80 dan ortiq hududda yonilg‘i ta’minotida uzilishlar kuzatilgan**
Rossiyaning ayrim hududlarida yonilg‘i yetkazib berish bilan bog‘liq uzilishlar may oyining oxiridan boshlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning 80 dan ortiq hududida yonilg‘i savdosiga to‘liq yoki qisman cheklovlar joriy etilgan. Iyul oyidan boshlab ayrim hududlarda bu cheklovlar yumshatila boshlagan.
Muammoni yumshatish maqsadida Rossiya hukumati qator choralar ko‘rgan. Iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak ichki yonilg‘i bozorini barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ishlab chiqishni topshirgan. Shuningdek, aviatsiya kerosinini eksport qilish taqiqlangan. Iyul oyi boshida esa Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga yil oxirigacha Euro-3 standartlariga javob beradigan benzinni sotishga ruxsat berilgan. Oradan bir necha kun o‘tib, dizel yonilg‘isi eksportiga ham taqiq joriy etilgan.
**Rossiya yonilg‘i import qilishni boshladi**
Putin yonilg‘i bozorini ta’minlash bo‘yicha qonunni ham imzolagan. Hujjat, jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri haydalgan benzinni boshqa komponentlar bilan aralashtirishga ruxsat beradi. Bundan tashqari, Rossiya yonilg‘i import qilishni ham boshlagan. Bosh vazir o‘rinbosari Novak hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralar natija berayotganini bildirgan. Uning aytishicha, ayrim hududlarda cheklovlar bekor qilinmoqda, faoliyat yuritayotgan AYQSHlar soni ortmoqda va navbatlar qisqarmoqda.
**Zavodlar ishdan chiqqan**
Ukraina shu bahorda Kremlni yuqori neft narxidan keladigan daromaddan mahrum qilish uchun zavodlarga hujumlarni kuchaytirdi. Dron zarbalari Rossiya benzin ishlab chiqarishining katta qismini ta’minlaydigan korxonalarda ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ydi yoki kamaytirdi.
Soha manbalari Reuters agentligiga Rossiya iyun oyida taqchillik tufayli Osiyodan dengiz orqali yonilg‘i import qilishini ma’lum qilgan edi. Agentlikning bildirishicha, Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi 2025-yilning iyun oyidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 25 foizga kamaygan.

