Rossiyada og‘ir ahvolda qolgani aytilgan Baxtiyor Mo‘minov ushbu davlat fuqarosi ekani aniqlandi

Rossiyada og‘ir ahvolda qolgani aytilgan Baxtiyor Mo‘minovning ushbu davlat fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan, o‘zini Namangan viloyatidan deb tanishtirgan Baxtiyor Mo‘minov aks etgan video tarqaldi.
Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi hamda O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari voqea joyiga borib, shaxsga doir ma’lumotlarni aniqlashtirdi.
O‘rganishlar natijasida Baxtiyor Mo‘minov 1990-yillarda oilasi bilan Rossiyaga ko‘chib ketgani va keyinchalik ushbu davlat fuqaroligini olgani aniqlandi.
Videoda ko‘ringan shaxsning Rossiya fuqarosi ekani tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ham tasdiqlandi. Uning yaqin qarindoshlari ham Rossiya fuqarolari hisoblanadi.
Migratsiya agentligi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga o‘z vakolatlari doirasida amaliy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Avvalroq Novosibirskda og‘ir ahvolga tushib qolgan olti nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilishi haqida xabar berilgandi.

