Rossiyada oʻlat gumoni: Tramp Putinga qoʻngʻiroq qilmoqchi, JSST izoh soʻramoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp Irkutskdagi laboratoriya xodimining oʻlimi va oʻlat haqidagi xabarlar fonida Vladimir Putin bilan telefon suhbati rejalashtirilganini bildirdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Rossiyadan qoʻshimcha maʼlumot soʻragan. Rossiya rasmiylari esa hududda oʻlat holatlari qayd etilmaganini maʼlum qilmoqda.

Rossiyada oʻlat gumoni: Tramp Putinga qoʻngʻiroq qilmoqchi, JSST izoh soʻramoqda
Tramp 6-oktabr kuni jurnalistlar savollariga javob berar ekan, yaqin kunlarda Putin bilan suhbatlashishini aytdi. Undan Irkutskdagi holatni Rossiya prezidenti bilan muhokama qilgan-qilmagani soʻralganda, telefon muloqoti rejalashtirilganini maʼlum qildi.
Voqea Irkutsk oʻlatga qarshi ilmiy-tadqiqot institutining 28 yoshli laboranti Darya Shipilovaning oʻlimi bilan bogʻliq. U 2-oktabrga oʻtar kechasi Irkutsk viloyatidagi Shelexov tuman kasalxonasida vafot etgan.
Rospotrebnadzor marhumada sababi aniqlanmagan pnevmoniya — oʻpka yalligʻlanishi tashxisi qoʻyilganini bildirgan. Uning oʻlatdan vafot etgani rasman tasdiqlanmagan.
JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus 7-oktabrga oʻtar kechasi X ijtimoiy tarmogʻida tashkilot Rossiya sogʻliqni saqlash idoralari bilan aloqada ekani va texnik yordam taklif qilganini maʼlum qildi.
Uning yozishicha, Rossiya tomoni JSST soʻroviga javoban soʻnggi vaqtlarda Irkutsk viloyatida birorta ham oʻlat holati qayd etilmaganini bildirgan.
Rossiya idoralari epidemiologik surishtiruv oʻtkazilgani, profilaktika va nazorat choralari koʻrilgani haqida ham axborot bergan. Marhuma bilan muloqotda boʻlgani aniqlangan shaxslar tibbiy kuzatuvga olinib, tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Gebreyesusning soʻzlariga koʻra, Rossiya tomoni ushbu shaxslarda yuqori xavfli infeksiya qoʻzgʻatuvchilari aniqlanmaganini va ularning barchasi ustidan tibbiy kuzatuv yakunlanganini maʼlum qilgan.
Shu bilan birga, JSST ogʻir pnevmoniyaning sababini va sanitariya choralarini koʻrishga asos boʻlgan qoʻzgʻatuvchini aniqlash uchun qoʻshimcha maʼlumot soʻragan. Tashkilot yana bir xodimda sababi nomaʼlum pnevmoniya aniqlangani haqidagi OAV xabarlarini ham tekshirishni istamoqda.
Avvalroq, 5-oktabrda Tramp AQSH Rossiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va zarurat tugʻilsa, yordam berishga tayyorligini aytgan edi.
Oʻlat haqidagi gumonlar mahalliy rasmiylarning bayonotlaridan keyin ham tarqalgan. Qoʻshni Buryatiya rahbari Aleksey Sidenov dastlab Shipilovaning oʻlimiga oʻlat sabab boʻlganini yozgan, keyin esa xabarini tahrirlab, «ehtimol» soʻzini qoʻshgan.
Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev «oʻta xavfli infeksiya»ga gumon borligini bildirgan, biroq aniq tashxisni aytmagan.

