Layfstayl

Rossiyada muhojir bo‘lgan, reklamalarda suratga tushmaydigan va bir soatda 5 ming dollar topadigan Jaloliddin Ahmadaliyev 34 yoshda (foto, video)

Rossiyada muhojir bo‘lgan, reklamalarda suratga tushmaydigan va bir soatda 5 ming dollar topadigan Jaloliddin Ahmadaliyev 34 yoshda (foto, video)

“Yetmasmidi”, “Eh, jo‘ralar”, “Sog‘indim”, “Yor bizdan ketdi” kabi qo‘shiqlari bilan tomoshabinlar e’tiboriga tushgan xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev 12-sentyabr kuni 34 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan bolalikdan ishlab pul topgan, 18 yoshida Rossiyada muhojir bo‘lgan, G‘ijduvonda bir muddat kosib, santexnik bo‘lib ishlagan xonandaning hayot va ijod yo‘li haqida yoritamiz.

“Kichikligimizdan ota-onamga og‘irligim tushmasin, derdik”

— Juda yoshligimizdan mehnat qilishni boshlaganmiz. Ya’ni maktabda o‘qigan yillarda ishlab, pul topganmiz. Mevani chet elga eksport qilganda solinadigan qutilarning materiali ishlab chiqariladigan zavodlar bo‘lardi. Shunaqa zavodlarda ishlaganman. Oilamiz u qadar yo‘qsil oila bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa ham ota-onamga og‘irligim tushmasin, deydigan bola bo‘lganmiz, deydi u.

“18 yoshimda Rossiyaga ketganman”

— Mahallamizdagi 18-maktabda o‘qiganman. To‘qqizinchi sinfni tugatib, kollejga kirganman. Ammo kollejda o‘qimasdan, Rossiyaga ishlashga ketdim. Sharoit sabab ketishga majbur bo‘lganmiz. Rossiyada 3 yil ishlaganman, ya’ni 18 yoshimda ketib, 21 yoshimda qaytib kelganman. U yerda akamlar bilan “moyka”da, qurilishlarda ishlaganmiz. Bizning yurtdagi qiyinchilik qiyinchilik emas, hamma qiyinchilik musofir yurtlarda bo‘ladi. Rossiyada akamlar bilan sovuq kunlarda qiynalib qolgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Moskvada ishlaganmiz. Rossiyaga ketishimizning asosiy sababi bu yerda qo‘limizda hunarimiz bo‘lmagani uchun ketganmiz, deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

“G‘ijduvonda kosib, Farg‘onada santexnik bo‘lib ishlaganman”

— O‘zbekistonga kelib, Qo‘qonda yana “moyka”da ishlaganmiz. Keyin kosib o‘rtog‘imga shogird tushib, kosibchilik qilganmiz. Buxoroda, G‘ijduvonda xususiy tadbirkorning uyida oyoq kiyim chiqarardik. G‘ijduvonning Bobur ko‘chasida ko‘p vaqt ishlaganmiz. Kosibchilikda yelim bilan ishlardik: hidi juda yomon edi, juda-juda yomon. Yelim hidi oshqozonimni qiynab qo‘ygan. Tushlikka chiqqanimda oshqozonimga ovqat kirsin, yiqilib qolmay, deb majburan ovqatlanardim. Chunki yelim hidi ishtahani yo‘qotar ekan. Oshqozonim og‘riyverganidan so‘ng santexnik bo‘lishga qaror qildim. Mahallamizda bir akamizga shogird tushib, bu kasbni ham o‘rganganman. Toshkentda Chorvoqda ham santexnik bo‘lib ishladim. Yaqin olti oygacha shu kasb bilan shug‘ullanganman. Qayerda ishlashimdan qat’iy nazar, qo‘shiq kuylashni, she’rni kuyga solish xayoli bilan yurganman, deydi xonanda.

“Amakim ham san’atkor bo‘lgan”

— Avlodimizdan avval ham san’atkor chiqqan. Dadamning akasi, amakim Ravshanjon G‘ofurov 80—90-yillarda o‘zimizning Farg‘onada hofiz bo‘lganlar. To‘ylarda marhum ustozimiz Sherali Jo‘rayevning, qolaversa, o‘zlarining qo‘shiqlarini aytib, to‘ylarda yurishgan.

“Yoshligimdan foydalanishgan”

— Birinchi studiyada yozgan qo‘shig‘imni ancha avval 50 dollarga sotib olganman. Qo‘shiq nomi “Xumor ko‘zlaring” deb nomlangan. Qo‘shiqni sotib olganimdan so‘ng, uning haqiqiy egasini topib olganman. O‘zi u qo‘shiq muallifi boshqa odam ekan, yoshligimdan foydalanib, bu qo‘shiqni menga ham sotishgan ekan. U qo‘shig‘imni chiqarmaganman, deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

“Tanilishimdan oldingi kunlarni har doim eslayman”

— Mashhurlikka erishishdan oldingi kunlarimni tez-tez eslab turaman. Hattoki o‘sha paytdagi ish qurollarimni hozirgacha uyimda saqlab qo‘yganman. Kosiblik qilgan paytlarimda otamga tikib bergan oyoq kiyimni esa hamon mashinamda o‘zim bilan olib yuraman. Bundan maqsad — o‘tgan kunlarni aslo unutmaslik, deydi u.

“Qo‘shiqlarimni turklar, eronliklar sotib olmoqchi bo‘lgan”

— “Yor bizdan ketdi” qo‘shig‘i mashhur bo‘lgandan so‘ng Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston va Qozog‘istondan ushbu qo‘shiqqa xaridorlar chiqdi. “Eh, jo‘ralar” degan qo‘shig‘imizni ham sotib olishmoqchi bo‘lishdi. U vaqtda hali bu qo‘shiqlarga videoklip suratga olmagandik, “klipdan so‘ng kuylashingizga ruxsat beramiz”, dedik. Agar o‘sha vaqtda qo‘shiqlarimizni ularga sotib yuborganimizda, hamma meni ulardan o‘g‘irlagan, deb o‘ylardi, deydi xonanda.

Birinchi to‘yi, birinchi gonorari haqida

— Birinchi to‘yimiz o‘zimizda, Qo‘qonda bo‘lgan. Unda ovoz kuchaytirgichga ulanadigan gitaram bo‘lmagan, oddiy gitara edi. U gitaraga qo‘lbola qilib, mikrofon ulanadigan qilganman. Ammo to‘yga olib borganimda gitarani ovoz kuchaytirgichga ulab bo‘lmagan. O‘shanda birinchi marotaba elektrogitarada, notalarda adashib, bir amallab qo‘shiq aytganman. Birinchi olgan pulim 300 ming so‘m bo‘lgan. U pul ham qistir-qistirdan tushgan. To‘ydan yaxshi pul topsa bo‘larkan-ku, degandim. Keyingi to‘yimiz Marg‘ilonda bo‘lgan. Unda ham o‘zim gitara chalib, qo‘shiq aytganman. Undan so‘ng to‘ylarimiz ko‘payib ketdi. Bir kunda yettita birrovga kirgan vaqtlarimiz bo‘ladi, deydi san’atkor.

“Oyoqqa bolta uradiganlar ko‘p bo‘larkan”

Foto: Instagram

— Hozirdan ba’zi bir to‘siqlarga kuchim yetmay qolyapti. Endi chiqib kelayotgan san’atkorman. Nimaki bo‘lsa, Alloh kuch-quvvat berdi, shu bilan harakat qilyapman. Oyoqqa bolta uradiganlar ko‘p bo‘lar ekan. Bunday holatlarni hayotimda endi ko‘ryapman. Shu vaqtgacha bunday odamlarni ko‘rmagan edim. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, o‘sha santexnik vaqtimga qaytib qolgim keldi. Mendan foydalanayotgan odamlar ko‘p. Bilib turib ko‘p narsaga ko‘z yumdim. Kamtarligim, soddaligim o‘zimga qarshi ishlayotgan vaqtlar bo‘ldi. Santexnik bo‘lib ishlaganimda bo‘yimizdan baland chuqurlarni kovlashga ham majbur bo‘lganmiz. O‘sha vaqtlarda san’atkorlarga havas qilib, xonandalar toza, ozoda yuradi, ularga maza deb o‘ylardim. Noshukrlik qilmoqchimasman, ammo xonandalikning mas’uliyati og‘ir. O‘sha qiynalib santexniklik qilib yurgan vaqtimda avtobusda yurib bo‘lsa ham oilamga vaqt topa olardim. Hozir o‘zimning shaxsiy mashinam bor, ammo oilamga, ota-onamga vaqt topa olmayman, deydi u.

Xonanda o‘ziga kimlarni raqobatchi deb biladi?

Jaloliddin Ahmadaliyev qaysi xonandalar bilan bir davrda ijodni boshlagani va ular bilan raqobatda bo‘lganini aytdi:

— Xonanda Muhammad Ziyo, Doston Ergashev va Hamdam Sobirovlar bilan bir davrda mashhur bo‘ldik. To‘rtalamiz qo‘shiqning yo‘nalishi jihatidan yoki ovoz tomonlama emas, trend qilishda bir-birimizga raqobatchi edik. Oxirgi vaqtlarda, ya’ni bir yarim yildan beri hammamizda ham harakat bor-u, lekin ishtiyoq qolmaganmi, sokinlashib qoldik. Lekin avval bir-birimizning qo‘shiqlarimiz nechta “prosmotr” bo‘lganini kuzatib, bir-birimizdan o‘zib ketishga harakat qilardik, deydi u.

“Uy, mashina va’da qilgan homiylarga rad javobini berdim, chunki…”

Foto: Instagram

— O‘ndan ortiq insonlar homiy bo‘lish niyati bilan chiqgan. Boshidan homiy bilan ishlash niyatim bo‘lmagan. Keyin dadam ham “O‘g‘lim, qo‘yaver, shart emas, xohlagan vaqtingda xohlagan joyingga bora olmaysan. Qarindoshingning to‘yiga ham ular ruxsat bersagina borishingga to‘g‘ri keladi”, deganlar. Bir homiy bilan akam gaplashgan. Akam ularga “Siz bilan ishlasak, bizga nima qilib bera olasiz”, deb savol berganlar. “Qo‘shiqlarini studiyada yozdiraman”, degan, akam “Bu ishni o‘zimiz ham qilyapmiz”, deganlar. “Kliplarini suratga oldiraman”, degan, “Buni ham o‘zimiz qilyapmiz”, deyishgan, “Uy olib beraman”, deyishgan, “Uyimiz ham bor”, deganlar akam. Xullas, homiy bilan ishlashni rad qilganmiz, xafa bo‘lishmasin, o‘zimiz qiynalib chiqishni ma’qul ko‘rganmiz, deydi san’atkor.

“Fonogramma aytsam, dadam urishadi”

Foto: Instagram

— Ba’zi bir joylarda kelib, og‘iz qimirlatib, ko‘rinib ketsangiz ham bo‘ladi, deyishadi. Endi to‘yda birrov ko‘rinib ketganimizga pul olamizmi? Mehnat qilib, pulimizni halollab olishimiz kerak, deb o‘ylayman. Fonogramma aytadiganlarni puli harom demoqchi emasman, ular ham mehnat qiladi, qo‘shiq yozadi, uni reklama qiladi. Lekin men jonli aytish yo‘lini tanlaganman. Keyin fonogramma aytsam, dadam ham urishadilar. “Tomog‘ing yo‘q bo‘lib qolsa ham jonli ayt”, deydilar.

“Qo‘shiqlarimdagi dard meni ham yig‘latadi”

— Hammasi bo‘lmasa-da, uchta qo‘shig‘imning she’rini o‘qiganimda ko‘zimga yosh kelgan. Qolganlari ham kishini chuqur ta’sirlantiradi. Agar qo‘shiq she’rlari yuragingizga yetib borsa, undan ajoyib ijod namunasi chiqadi. Men shoirlarning taniqliligiga emas, qo‘shiq so‘zlariga, ya’ni she’rning mazmuniga ko‘proq ahamiyat beraman. Biroq baribir qaysi taronangiz hit bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Bunga yana bir sabab — hozirda sun’iy intellekt paydo bo‘ldi. Uning yordamida ham hayratlanarli darajada yaxshi ashulalar tayyorlanyapti. Undagi ovoz diapazon ham, musiqiy sayqali ham juda mukammal chiqyapti. Lekin baribir ularni to‘yga chaqirib bo‘lmaydi. Jonli ijro uchun baribir bizga murojaat qilishadi, deydi xonanda.

“Narxim muomalasiga yarasha”

Jaloliddin Ahmadaliyev Toshkentdagi to‘ylarda birrov xizmat qilish 5 ming, viloyatlardagi to‘ylar uchun 7—8 ming dollar ekanini ma’lum qilgan.

Foto: Instagram

— Toshkentdagi to‘ylarda xizmat qilishimiz narxi 5 ming dollar etib belgilangan. Hozir sizga hammasini noldan isboti bilan aytib beraman. Bitta “Yetmasmidi?”, degan qo‘shig‘im bor. Shuning aranjirovkasini turklar qilib bergan. Bu qo‘shiq juda katta pulga tushgan. Qo‘shiqning o‘ziga juda ko‘p pul ketgan. Klipiga Yigitali Mamajonov va Aysanem Yusupova tushib bergan. Ular ham bepul ishlamaydi. 11 ta sozandam bor, o‘zim bilan 12 kishimiz. 5 ming dollarning ichida shuncha odamning rizqi bor. Keyin men jonli aytaman, Toshkentdagi to‘ylarda jonli kuylaydigan san’atkorlar barmoq bilan sanarli darajada kam. Lekin bir narsani aytib o‘tishim kerak. Biz hammaga bunaqa narx qo‘ymaymiz.

Odamlar telefon qiladi-da “Anuvni anaqasimisan?”, deydi yordamchimga. Kimni anaqasi? Kimni nimasi? Hech bo‘lmasa “Anuvni administratorimisan yoki Jaloliddinning anaqasimisan?”, desa ham sal tushunsa bo‘ladi. Bunaqa muomala qilgan odamga administrator ham “Ha, o‘shani anaqasiman”, deb javob beradi va 5 yoki 6 ming dollar narx aytadi. Endi narxni o‘zining muomalasiga yarasha aytadi. Lekin o‘zi aslida xizmat haqimiz 5 ming dollar emas. Masalan, Toshkentda bir kunda 2-3 ta to‘y bo‘lib qolsa, juda arzon narxga kirib ketamiz, deydi xonanda.

“Poytaxtga kelish niyatim yo‘q”

Jaloliddin Ahmadaliyev nima sababdan Toshkentga ko‘chib kelib, shu yerda ijod qilmasligi haqida gapirdi.

— Toshkentda uyim yo‘q. Toshkentga ko‘chib kelish niyatim ham yo‘q, chunki men ota-onamni tashlab keta olmayman. Ota-onam esa Toshkentda yashagisi kelmaydi, deydi u.

“Reklamalar olmayman, chunki...”

— Reklamaga chaqirishsa, ataylab katta pul aytaman. Menga ko‘proq qurilish kompaniyalari uy reklamalari bo‘yicha aloqaga chiqishadi. Bir marta shunday uy reklamasida qatnashganman, shundan keyin boshqa reklama olmaslikka qaror qildim. Hozir chaqirishsa ham, rad javobini berish uchun katta narx aytaman. Chunki ertaga o‘sha uyning kadastri chiqmay qolsa yoki gazi kelmay qolsa, men aybdor bo‘lib qolishim mumkin. Qandaydir muammo chiqsa, yuzim taniqli bo‘lgani uchun odamlar “senga ishonib olgandik”, deyishsa, u topgan pullarim menga tatimaydi. Agar haqiqatan ham xalqqa foydali reklama bo‘lsa, tekinga ham qilib beraveraman, — deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

“Shou-biznesga chuqur aralashmaganimga shukr”

— Shou-biznes o‘ylaganimizdan ko‘ra boshqacha ekan. Biz hammani o‘zimizga o‘xshatar ekanmiz. Shou-biznesda ko‘p ishlar bo‘lishini bilmas ekanmiz. Mayli, kim nima g‘irromlik qilsa, o‘zining bo‘yniga. Muhimi, biz o‘pkamizni bosib, tinch yuribmiz. Shou-biznesga juda aralashib ketmaganimizga shukr. Men o‘zi piar’chi emasman. Hayotim davomida umuman piar qilmaganman. Konsertim arafasida reklama uchun hazil gapirishim mumkin, ammo bu hazildan boshqa narsa bo‘lmaydi. Lekin ko‘pincha hayotim o‘zidan o‘zi piar bo‘lib ketib qoladi, deydi xonanda.

“Halovat oliy ne’mat ekan”

— Halovat Alloh tomonidan berilgan eng oliy ne’matlardan biri ekan. Eng zarur va oliy ne’mat shu ekan o‘zi. Behalovat bo‘lsangiz, topayotgan pulingiz ham, muxlislarning olqishi ham, qurayotgan imoratingiz, minib yurgan mashinalaringiz ham ko‘zingizga ko‘rinmaydi.

“Meni tinch qo‘yinglar, cho‘qqida nima borligini ko‘rmoqchiman”

— Hayotim davomida hali sud zaliga kirgan odam emasdim. Ilohim, bundan keyin ham Xudo ko‘rsatmasin. San’atga kirganimdan keyin mana shunaqa ishlar boshlandi. Birovning she’rini so‘ramasdan qo‘shiq qilib aytganim uchun suhbatlar, jarimalar to‘lashlar boshlandi. Ish faqat jarimalarning o‘zi bilan tugamaydi-da. Sud zaliga kirsangiz, haligilar “siz bu yerda nima qilib yuribsiz”, deydi.

O‘sha paytlarda mana shu kabi ishlar bo‘lgan. Kim bo‘lsa ham “mana shu to‘rt qator she’rimni aytibsan, bir qatorini kuylabsan”, deb mualliflik huquqi bo‘yicha sudga beravergan. Oxiri jonimdan o‘tib ketgan. O‘shanda ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga “men ham yashay, qo‘yinglar endi. Tepada nima borligini bilmoqchiman, xolos. O‘zim sizlarga nimalarni ko‘rganimni aytib beraman”, deb post qo‘yganman, deydi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.