Rossiyada migrantlarning chet elga, jumladan Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari uchun soliq joriy etish taklif qilindi

Rossiyada migrantlarning chet elga, jumladan Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalaridan soliq undirish taklif qilindi
Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (RLDP) chet el fuqarolarining Rossiyadan xorijga pul oʻtkazmalaridan 5 foiz miqdorida majburiy yigʻim joriy etish tashabbusi bilan chiqdi. Taklif Moliya vaziriga yuborilgan. Rossiyadan katta miqdorda pul oʻtkaziladigan mamlakatlar qatorida Oʻzbekiston alohida tilga olingan.
Chet el fuqarosining Rossiya tashqarisiga amalga oshiradigan har bir oʻtkazmasidan majburiy toʻlov undirishni yoʻlga qoʻyish gʻoyasini Moliya vazirligi rahbariga RLDP yetakchisi Leonid Slutskiy yubordi.
Tashabbusga koʻra, banklar va toʻlov tizimlari oʻtkazma summasidan 5 foizni avtomatik ravishda ushlab qolishi va ushbu mablagʻlarni federal byudjetga oʻtkazishi kerak boʻladi.
"Agar pul Rossiyada ishlab topilgan boʻlsa, uning bir qismi shu yerda qolishi hamda bizning iqtisodiyotimiz va odamlarimiz uchun xizmat qilishi kerak", — dedi Slutskiy.
Partiyadan taʼkidlashlaricha, hozirda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning xorijga pul oʻtkazmalaridan alohida soliq yoki majburiy yigʻim undirilmaydi.
Ekspertlarning baholashicha, migrantlar har yili Rossiyadan qariyb 25 milliard dollar olib chiqib ketadi. Murojaatda misol tariqasida 2025 yil uchun maʼlumotlar keltirilgan. Rossiyadan Qirgʻizistonga pul oʻtkazmalari hajmi 3,2 milliard dollarni, Oʻzbekistonga esa qariyb 18,9 milliard dollarni tashkil etgan.
Slutskiyning fikricha, yangi yigʻim federal byudjet daromadlarining qoʻshimcha manbaiga aylanadi. RLDPda, shuningdek, bu chet el fuqarolarining Rossiyada boʻlishi bilan bogʻliq byudjet xarajatlarini qisman qoplash imkonini beradi, deb hisoblashmoqda.
Hozircha bu faqat partiyaning taklifi xolos. Bunday toʻlovni joriy etish boʻyicha qaror qabul qilinmagan.
Bundan avvalroq Slutskiy oliy oʻquv yurtlarida barcha xorijlik talabalarning taʼlim olishini istisnosiz toʻlov-kontrakt asosiga oʻtkazishni taklif qilgan edi. Tashabbus muallifining hisoblashicha, davlat oliy oʻquv yurtlari rossiyaliklarning soliqlari hisobidan moliyalashtiriladi, shu bois byudjet oʻrinlari va yotoqxonalardagi joylar ular uchun moʻljallanishi kerak, xorijliklarni imtiyozlardan mahrum qilish esa kamsitish emas, balki "adolat" deb ataldi.

