Rossiyada Jon Kennedining jiyan-nevarasi sirtdan hibsga olindi
AQSh sobiq prezidenti Jon Kennedining jiyan-nevarasi Rossiyada Ukraina Qurolli Kuchlari safida qatnashgani uchun sirtdan hibsga olindi.

Rossiyada Jon Kennedining jiyan-nevarasi sirtdan hibsga olindi
Moskvaning Basmanniy tuman sudi Amerika Qo‘shma Shtatlarining 35-prezidenti Jon Kennedining jiyan-nevarasi, amerikalik Konor Kennedini sirtdan hibsga olish haqida qaror chiqardi. Bu haqda TASS agentligi ma’lum qildi.
Hozirda Kennedi xalqaro qidiruvga berilgan. Uning advokatlari hibsga olish qarorini bekor qilishga urinishgan, biroq Moskva shahar sudi ularning shikoyatini rad etib, quyi sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Apellyatsiya sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazildi.
Konor Kennedi yollanma askarlikda ayblanmoqda, bu jinoyat uchun yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Avvalroq, ushbu mashhur siyosiy sulola vakilining o‘zi 2022-yilda Xarkov viloyatida "Xalqaro legion" tarkibida Ukraina Qurolli Kuchlari tomonida yashirincha jang qilganini tan olgan edi.
Jon Fitsjerald Kennedi (1917–1963) – amerikalik davlat arbobi, AQShning 35-prezidenti (1961–1963). Demokratik partiya a’zosi bo‘lgan. Sovuq urush davrining asosiy rahbarlaridan biri sifatida Karib inqirozini boshdan kechirgan. U 1963-yil 22-noyabrda Dallas shahrida o‘ldirilgan.

