Rossiyada dronlardan oʻzini himoya qilmagan korxonalar davlat boshqaruviga olinadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, agar hukumat muhim obyektlar dronlar hujumidan yetarli darajada himoyalanmayapti, deb topsa, kompaniyalar mulkiga nisbatan vaqtinchalik davlat boshqaruvini joriy etishga ruxsat berdi.

Rossiyada dron hujumlaridan himoyalanmagan korxonalar davlat boshqaruviga oʻtkaziladi. Prezident Putin 24-avgust kuni "Rossiya Federatsiyasining muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 604-sonli farmonni imzoladi. Hujjat rasmiy huquqiy axborot portalida eʼlon qilinganidan soʻng kuchga kirdi.
Vaqtinchalik boshqaruvni joriy etishga quyidagilar asos boʻlishi mumkin: xavfsizlik choralarini koʻrmaslik yoki oʻz vaqtida koʻrmaslik, belgilangan talablarni buzish, obyektning normal ishlashiga tahdid solish yoki shikastlangandan soʻng uni tiklashni kechiktirish. Farmonda, shuningdek, dron hujumlarining oldini olishga qaratilgan "chora-tadbirlarni amalga oshirish samarasizligi" alohida taʼkidlangan.
Hukumat vaqtinchalik boshqaruvga kompaniyaning barcha yoki bir qism koʻchar va koʻchmas mulkini, unga tegishli qimmatli qogʻozlar va Rossiya yuridik shaxslaridagi ulushlarni, shuningdek, mulkiy huquqlarni oʻtkazishi mumkin. Bu qaror hukumat tomonidan Putinning topshirigʻiga binoan qabul qilinadi.
"Rosimushchestvo" vaqtinchalik boshqaruvchi etib tayinlanadi, biroq hukumat boshqa tashkilotni ham belgilashi mumkin. Boshqaruvchi topshirilgan mol-mulkni tasarruf etish huquqidan tashqari, mulkdorning barcha vakolatlarini oʻz zimmasiga oladi. Vaqtinchalik boshqaruv muddati farmonda cheklanmagan; uni ham prezident topshirigʻiga koʻra hukumat bekor qilishi mumkin.
Farmonda "muhim infratuzilma obyektlari" sirasiga yoqilgʻi-energetika majmuasi va sanoat korxonalari, aloqa, kommunal, transport va logistika infratuzilmasi, energetika, shu jumladan atom energetikasi hamda hayotiy taʼminot obyektlari kiritilgan. Roʻyxat ochiq qolmoqda: bu mexanizm hukumat Rossiya xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligi yoki aholi hayoti uchun "oʻta muhim ahamiyatga ega" deb hisoblaydigan boshqa obyektlarga ham qoʻllanilishi mumkin.
Ushbu farmon Ukraina tomonidan Rossiyaning sanoat va logistika infratuzilmasiga qilinayotgan hujumlar soni keskin ortishi fonida qabul qilindi. 2024-yil boshidan neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) Ukraina dronlarining doimiy nishoniga aylangan, 2025-yilda esa zarbalar shiddati yanada oshgan. 2026-yilda Ukraina kampaniya koʻlamini sezilarli darajada kengaytirdi: birinchi yarim yillikning oʻzida Ukraina dronlari zavodlarga kamida 194 marta muvaffaqiyatli hujum qilgan, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 11 barobar koʻpdir. Hujumlardan soʻng ayrim NQIZ uzoq vaqt davomida neftni qayta ishlashni qisqartirdi yoki butunlay toʻxtatdi, baʼzi zavodlar esa haftalab normal ish faoliyatiga qayta olmadi.

