Rossiyada bir qo‘li yoki oyog‘i yo‘q odamlarga avtobus haydashga ruxsat berildi

Rossiyada bir qo‘li yoki oyog‘i yo‘q shaxslarga avtobus haydashga ruxsat berildi. Rossiya hukumati avtobus, tramvay, trolleybus va yuk mashinalarini boshqarish uchun belgilangan tibbiy cheklovlarni yumshatdi.
Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan va 21-avgust kuni huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilingan tegishli o‘zgartishda aytiladi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, qo‘l yoki oyoq, shuningdek, panja yoki oyoq kaftining yo‘qligi, ularning harakatni jiddiy qiyinlashtiradigan darajada deformatsiyalangani C, CE, D, DE toifalaridagi transport vositalari, shuningdek, tramvay va trolleybuslarni boshqarish uchun tibbiy cheklov hisoblangan.
Yangi tartibda bu bandlar ro‘yxatdan chiqarilgan. Endilikda ikkala qo‘l yoki ikkala panjaning yo‘qligi, yoxud qo‘l panjalari harakatini jiddiy qiyinlashtiradigan deformatsiya mazkur transport vositalarini boshqarishga to‘sqinlik qiluvchi holat sifatida saqlanib qolgan.
Ushbu o‘zgarish Rossiyaning Ukrainadagi urush ishtirokchilarini ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda qabul qilindi.
10-avgust kuni Buryatiya Respublikasi rahbari Aleksey Sidenov Vladimir Putindan urushda qo‘l yoki oyog‘idan jarohatlangan harbiylarga avtobus va yuk mashinalari haydovchisi bo‘lib ishlash imkonini berishni so‘ragan edi. Uning aytishicha, zamonaviy reabilitatsiya vositalari va transport boshqaruvini avtomatlashtirish texnologiyalari ayrim jarohatlarga qaramay haydovchilik qilish imkonini beradi.
19-avgust kuni Putin ham urush ishtirokchilarining mamlakatga qaytishi va ularni ish bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalgan. Rossiya prezidenti bu jarayonga oldindan tayyorgarlik ko‘rish zarurligini aytgan.
Rossiyada amaldagi tartibga ko‘ra, transport vositasini boshqarishga mutlaq qarshi ko‘rsatmalar, maxsus sharoitda haydash mumkin bo‘lgan tibbiy holatlar va muayyan transport toifalarini boshqarishga doir cheklovlar hukumat tomonidan alohida belgilanadi. Ayrim holatlarda avtomobildan faqat avtomatik transmissiya yoki maxsus boshqaruv vositalari bilan foydalanishga ruxsat etiladi.

